Joriy yilning 11 fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ekspertlik ko‘magini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Muloqotda Agentlik direktori Akmal Burxanov mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda bunda Agentlikning ishtiroki to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot mazkur sohada O‘zbekistondagi ishlarni e’tirof etgan holda, Buyuk Britaniyaning tajribasi va tegishli idoralari faoliyati yuzasidan ma’lumot berdi. Shu bilan birga Elchi janoblari korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining o‘rni yuqori ekanligini ta’kidlab, Agentlik qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi va Jurnalist va blogerlar klubi faoliyatiga xayrixohligini bildirdi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish, jurnalistlar uchun tajriba almashish bo‘yicha seminarlar tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, Agentlik vakillari asosiy faoliyat yo‘nalishlari qatorida davlat xizmatchilarining halollik standartiga amal qilishini ta’minlash masalasi ham mavjud ekanligini ta’kidlashdi. Bu borada Tim Tarlot Hukumatlararo hamkorlik tashkiloti (UK Government Partnership International) ko‘p yillik tajribaga ega ekanligini qayd etib o‘tdi. Ushbu tashkilot Buyuk Britaniya va xorijiy mamlakatlarda davlat xizmati faoliyatini samarali tashkil etishga ixtisoslashganini e’tiborga olgan holda davlat xizmati xodimlariga halollik standartlarini singdirish bo‘yicha seminar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Bundan tashqari uchrashuvda Agentlikning davlat boshqaruv organlari, ijro hokimiyati tuzilmalardagi ishtiroki bilan bir vaqtda biznes tuzilmalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi. Bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”dan “Korrupsiyaga qarshi maxsus tadbirlarni xususiy sektorga joriy etishga faol ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston biznesining Korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasini ishlab chiqish va uning monitoringini yuritish” vazifasi o‘rin olgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida bir necha yo‘nalish va sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Buyuk Britaniyaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlari bilan bo‘lishish hamda tegishli idoralar tajribasini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniya Transparency International xalqaro tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksi bo‘yicha 180 mamlakat orasida 11-o‘rinda turadi.
Buyuk Britaniyada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi quyidagi tuzilmalar mavjud.
1.O‘ta og‘ir firibgarliklarga qarshi kurashish bo‘limi (Serious Fraud Agency -SFO) – bu o‘ta og‘ir firibgarlik, poraxo‘rlik va korrupsiya kabi eng yuqori darajadagi jinoyatlar bilan shug‘ullanadigan ixtisoslashtirilgan prokuratura organi.
2. Jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligi (National Crime Agency-NCA) – bu davlat idoralaridagi korrupsiyaning oldini olish va tergov qilish bilan shug‘ullanadi. Jiddiy qonunbuzarliklar va yuqori lavozimli mansabdor shaxslarga qaratilgan jinoyatlar asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi.
3. Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy markazi (National Center on Economic Crime) – ushbu markaz Buyuk Britaniyaning iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish organi hisoblanadi.