«O‘zbekneftgaz» AJda korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, «KPMG» xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi va jamiyat mas’ullari ishtirok etishdi.
“KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi ekspertlari tomonidan xorijiy davlatlarda komplayens-nazorat tizimi joriy etilishi bosqichlariga, yirik xalqaro tijorat kompaniyalari, xususan neft-gaz sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarda joriy etilgan “komplayens-nazorat” tizimi samaradorligi masalalarida so‘z yuritildi hamda O‘zbekistonda korrupsiyani oldini olish jarayonlari mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari bugungi kunda davlat boshqaruv organlari hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarga, ularda komplayens-nazorat tizimini joriy etishning o‘ziga xos jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, 2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida ham o‘z vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Jumladan, Jamiyatning moliyaviy va “komplayens-nazorat” departamenti tomonidan davlat mulki talon-toroj qilinishining oldini olishga qaratilgan, xodimlarning ijtimoiy ahvolini va ish sharoitlarini yaxshilash hamda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha choralar haqida ma’lumotlar berildi.