Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ichki ishlar organlarining hududlardagi faoliyati bo‘yicha o‘rganishlar davom etmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, joriy yilning 2-mart kuni Agentlik va Ichki ishlar vazirligi O‘z xavfsizligi xizmati mas’ul xodimlari tomonidan Samarqand shahri, Urgut va Pastdarg‘om tumanlarida ichki ishlar organlarining ish faoliyati o‘rganildi.
Bunda aholi va jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Advokatlar palatasi, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari, Samarqand davlat universiteti, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, mahallalarda fuqarolar bilan bevosita muloqot tashkil qilindi. Unda huquq-tartibot organlari bilan munosabatlarda kelib chiqayotgan muammolar va kamchiliklar o‘rganildi hamda anonim so‘rovlar o‘tkazildi.
Shuningdek, ayni shu kuni viloyat sudi, prokuraturasi, adliya, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish tashkil etilib, unda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan choralar va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ullari tomonidan korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar bayon qilinib, korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari, shuningdek kadrlar bilan ishlash, ularning bilim va malakasini oshirish, jamoalarda korrupsiyaga murosasiz ruhdagi ma’naviy-ahloqiy muhitni yaratish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha huquq-tartibot organlari faoliyatidagi korrupsion omillarga barham berish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
O‘rganishlar davom etmoqda.