2021-yilning fevral oyi davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan qonunchilikni takomillashtirish, sohalardagi korrupsion xavf-xatarlarni o‘rganish, aholida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash hamda fuqarolar murojaatlarini o‘rganish yo‘nalishlarida bir qator ishlar olib borildi.
Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariyuzasidan amalga oshirilgan ishlar
Agentlik faoliyatining huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va korrupsion holatlar yuzasidan ma’lumotlar almashish, tezkor tadbirlar tashkil etish kabi masalalarni qamrab oluvchi “Agentlikning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi belgilangan tartibda o‘tkazilgan huquqiy ekspertiza natijalari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda kelishmovchiliklar jadvali tayyorlanib, Adliya vazirligiga yuborildi.
“Korrupsiyasiz soha” loyihalari va boshqa sohalar doirasidagi o‘rganishlar
1. Navoiy va Andijon viloyatlari hokimliklaridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan o‘tkazilgan tanlov va tenderlarda affillanganlik holatlari mavjudligi, tanlov va tenderlarni o‘tkazish jarayonlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti normativ huquqiy-hujjatlar talablari buzilgan.
Shuningdek, foydalanishga topshirilgan binolarda nazorat o‘lchovi o‘tkazilganda qurilish obyektlarida belgilangan ishlarning yetarli bajarilmagani (kamomad) aniqlandi. Bundan tashqari 7 ta holatda sug‘urta polislari mavjud bo‘lmagan holda 9,6 mlrd. so‘mlik qurilish obyektlari moliyalashtirilganligi aniqlandi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga yuborilgan so‘rovnomalar asosida 4 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2. Agentlik direktorining Farmoyishi asosida Suv xo‘jaligi vazirligi va uning quyi tizimlarida hamda ustavida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan suv xo‘jaligi sohasidagi davlat korxona, muassasa va tashkilotlarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlash va tegishli baho berish yo‘nalishidagi ishlarning umumiy holati o‘rganildi.
Xususan, o‘rganishda Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimidagi irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan budjet hisobidan ajratilgan ish haqlarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlandi. To‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan bo‘lib, o‘rganish yakuni bo‘yicha bo‘lim mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida vazirlikning quyi tizimlarida korrupsion huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash va korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish Agentlikka yuklatildi. Shunga ko‘ra, Agentlik tomonidan Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlarida korrupsion huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash va korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazilmoqda. Jumladan, fevral oyi davomida Agentlik vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2020-yilning 6-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qator vazifalar yuklatilgan. Shu munosabat bilan, fevral oyi davomida Agentlik vakillari tomonidan joylardagi tibbiyot muassaslari, oilaviy poliklinikalarda tushuntirish va targ‘ibot ishlar olib borildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021-yil fevral oyi davomida jami 491 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 404 tasining ko‘rib chiqilishi ta’minlangan (hozirda 87 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda).
Kelib tushgan murojaatlarining 29 tasi ijobiy hal etilgan, 61 ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan, 18 ta murojaat anonim deb topilgan.
Murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 4 ta taqdimnoma, 1 ta ogohlantirish, 24 ta so‘rovnomalar kiritilgan.
Shundan 1 ta murojaat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 1 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 1 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Fevral oyida Agentlikka quyidagi soha va yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Jumladan, sud qarorlaridan noroziliklar 69 ta (14,1%), yer maydoni ajratilmayotganligi, yer nizolari va yer maydonlari talon-taroj bo‘layotganligi bo‘yicha 47 ta (9,6%), ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 44 ta (9,0%), prokuratura organlari qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo‘lmayotganligi bo‘yicha 34 ta (6,9%), ayrim xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining xatti-harakatlaridan noroziliklar masalasida 30 ta (6,1%) va boshqa yo‘nalishlarda murojaatlar kelib tushgan.
Ular hududlar kesimida tahlil qilinganda Toshkent shahri bo‘yicha 116 ta, Toshkent viloyati bo‘yicha 60 ta, Surxondaryo viloyati bo‘yicha 57 ta, Samarqand viloyati bo‘yicha 53 ta, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 41 ta, Xorazm viloyati bo‘yicha 33 ta, Namangan viloyati bo‘yicha 24 ta, Jizzax viloyati bo‘yicha 22 ta, qolgan hududlardan esa jami 85 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlar asosida o‘tkazilgan tadbir va o‘rganishlar
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi fuqaro F.X. “Navoiy mulk markazi” MCHJ Navoiy filiali tomonidan “Xatirchi Agroservis MTP” MCHJ ustav fondidagi “Navoiy Agroservis MTP” MCHJga tegishli bo‘lgan ulushning sotilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijasidan noroziligi haqidagi arizasi mazkur tanlov hujjatlarini chaqirib o‘rganish orqali ko‘rib chiqildi. O‘rganish natijasida “Navoiy mulk markazi” MCHJ Navoiy filiali tomonidan o‘tkazilgan tanlov yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning talablariga to‘liq rioya qilinmay, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar so‘rovnoma shaklida qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.
Toshkent shahrida yashovchi fuqaro M.I.ni arizasida Shayxontohur tumani A.Qodiriy ko‘chasida avtobus to‘xtash bekatida olib borilayotgan qurilish (qayta ta’mirlash) ishlari belgilangan loyiha-smeta hujjatlaridan chetga chiqilgan holda olib borilayotganligi haqidagi vajlari Agentlik tomonidan Qurilish vazirligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqilib, noqonuniy qurilish joyida bartaraf etilishi ta’minlandi. Shuningdek, belgilangan loyiha hujjatlaridan chetga chiqib ketilgani sababli, Shayxontohur tuman hokimining 2020-yil 16-oktabrdagi 700-sonli qarori bekor qilindi.
Ayrim murojaatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ish materiallarini chaqirish yo‘li bilan o‘rganilib, munosabat bildirilishi ta’minlandi. Masalan, Agentlik tomonidan fuqaro I.T.ning murojaati bo‘yicha jinoyat ishi hujjatlari o‘rganilganda, bir qator holatlar tergov yo‘li bilan tekshirilib, qonuniy baho berilmaganligi, aniqlanmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ish hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf qilish haqida so‘rovnoma kiritildi.
Jamoatchilik bilan aloqalar hamda OAVlarida chiqishlar
Fevral oyi davomida Agentlik faoliyati, shuningdek, aholida korrupsiyaga qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan mavzularda ommaviy axborot vositalari orqali jami 103 marotaba chiqishlar tashkil etildi.
Jumladan, veb-saytlarda 31 marotaba agentlik haqida yangilik va maqolalar chop etilgan. Ularning aksariyati Agentlik va hamkorlar tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlarga (Samarqand, Andijon) oid xabarlardir.
Shu bilan birga joylarda tashkil etilayotgan ichki ishlar organlari tizimidagi o‘rganishlar Ichki ishlar vazirligining rasmiy sayti va hududiy boshqarmalari saytida yoritib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Konrad Adenauer fondining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Korrupsiya – taraqqiyotga qarshi jinoyat” mavzusida qisqa metrajli videoroliklar tayyorlanib, “O‘zbekiston kabel televideniyesi”, “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Mahalla”, “Toshkent” va hududlar TRKlari orqali efirga uzatildi. Shuningdek, respublika miqyosida shahar markazlari va aholi gavjum joylardagi elektron tablolarda targ‘ibot materiallari joylashtirildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021-yil fevral oyi davomida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi hamda qator masalalarda kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Agentlik rahbariyati va vakillari ishtirokida 10 ga yaqin uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, IHTT Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i rahbari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi masofaviy missiyasi, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari, Xitoy Xalq Respublikasi Milliy nazorat komissiyasi raisi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Buyuk Britaniya va Xitoy elchilari bilan uchrashuv davomida tegishli davlatlar vakolatli organlari bilan professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.
Jahon Banki, IHTT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va USAID vakillari bilan uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tashkilotlar ko‘magida rivojlantirish yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.
22-fevral kuni Agentlik direktori Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasini Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksidagi o‘rnini yaxshilash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.
Agentlik tomonidan quyidagilar amalga oshirilmoqda:
- BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini O‘zbekistonda amalga oshirilishi doirasida 2-bosqich obzorini o‘tkazish yuzasidan Konvensiya obzori doirasida baholash nazorat ro‘yxati (savolnoma) asosida tegishli vazirlik va idoralardan kerakli ma’lumotlar qabul qilinib, ularni umumlashtirish ishlari olib borilmoqda;
- O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi 5-raund monitoringidan o‘tkazilishi yuzasidan metodologik o‘rganish va tashkiliy choralar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining Ishtirokchi-davlatlari korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari va ombudsmanlarining 4-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi tomonidan 2020-yilda tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning davlat organlari tomonidan yanvar-fevral oylarida amalga oshirilishi Agentlik tomonidan monitoring qilinib, tegishli ma’lumotlar asosida Milliy kengashga ma’lumotnoma tayyorlanmoqda.