Joriy yilning 18-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan Milliy maslahat yig‘ilishi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati instituti, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joizki, “2021-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni maromiga yetkazish, hayotiyligini ta’minlash maqsadida davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida Milliy va xalqaro maslahatlashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 28-yanvar kuni mazkur Strategiyaning dastlabki loyihasi Oliy Majlis palatalari, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, vazirlik va boshqa davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida muhokamadan o‘tkazilgan edi. Unda har bir ishtirokchi tomonidan bildirilgan takliflar asosida strategiya loyihasi yanada takomillashtirildi.
Ta’kidlanganidek, milliy maslahatlashuv yig‘ilishining bu galgisi Strategiya loyihasi yuzasidan fuqarolik jamiyati instituti vakillarining fikrini olish, o‘zaro muhokama qilib olish va unga takliflar olish maqsadida tashkil etildi. Yig‘ilishda Strategiya loyihasining turli doira vakillari ishtirokida muhokama qilish muhimligi, zero korrupsiyani bartaraf etish uchun birgina davlat organlarini safarbar qilish orqali natijaga erishib bo‘lmasligi, korrupsiya illatini yo‘qotish uchun hamma birlashib, muvofiqlashgan holda kurashni tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Milliy strategiya kelgusi besh yillikdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi asosiy ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi, bu boradagi harakatlarni birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat hisoblanadi.
Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda Gruziya, Estoniya, Malayziya, Indoneziya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi.
Mazkur davlatlarda ushbu turdagi hujjatlarning qabul qilinishi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ijobiy natija berganligi hamda mamlakatning yanada rivojlanishiga xizmat qilgan.
Milliy strategiya loyihasida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi joriy holat, kamchiliklar, davlat siyosatining kelgusidagi asosiy yo‘nalishlarini aks ettirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ushbu vazifalarning bajarilishini monitoring qilish va moliyalashtirish mexanizmini belgilash hamda amalga oshirilgan ishlardan kutilayotgan natijalar o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Qizg‘in bahs-munozaralar va takliflarga boy o‘tgan yig‘ilishda har bir ishtirokchi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda mulohazalarini bildirdi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining rolini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy savodxonligi hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyatini shakllantirishda ular imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish bo‘yicha tegishli takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida Milliy strategiya loyihasi takomillashtiriladigan bo‘ldi.