Joriy yilning 19-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi yuzasidan dastlabki muhokama tadbiri tashkil etildi. Unda Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, “O‘zstandart” agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh prokuratura akademiyasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2020-2021-yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”) bosqichma-bosqich joriy etish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vaziflaridan biri etib belgilangan.
Bugungi kunda, 26 ta vazirlik va idoralarda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat “komplaens-nazorat” tizimini joriy etish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Biroq vazirlik va idoralarda mazkur aksilkorrupsiyaviy profilaktik tizimni joriy etishga oid huquqiy asoslarning mavjud emasligi turlicha yondashuvlarga olib kelmoqda hamda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Komplaens xizmatining maqomi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, huquq va majburiyatlari aniq belgilanmaganligi shular jumlasidandir.
Qayd etilganidek, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 34-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Muhokamalar davomida mazkur profilaktik tizimning har bir tashkilotda joriy etilishini inobatga olgan holda, korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat xizmati faoliyati mustaqilligini ta’minlash, malakali mutaxassislarni faqat tanlov asosida ishga qabul qilish, ushbu jarayonda psixologik test sinovidan o‘tkazish, ish faoliyatini natijadorligi va samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr-mulohaza hamda takliflar berildi.
Bildirilgan takliflar asosida qaror loyihasi yanada takomillashtiriladi.