Joriy yilning 1-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva hamda AQSHning Federal sud markazi xalqaro huquqiy aloqalar boshqarmasi direktori Mira Gur-Ari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Federal Sud Markazi – AQSH sud hokimiyatining tadqiqot va ta’lim agentligi. Markaz 1967-yilda Kongress tomonidan tashkil etilgan. Markaz odil sudlovni samarali amalga oshiradi va sud hokimiyatining mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaydi. Tashkilot AQSH sud tizimida alohida agentlik maqomiga ega. Asosiy faoliyat yo‘nalishi sud ma’muriyatini takomillashtirish yo‘llari bo‘yicha tahliliy va xolis tadqiqotlar o‘tkazish, o‘qitish, shuningdek sud tizimi, amaliyoti hamda jarayonlarini o‘rganish hisoblanadi
Uchrashuv “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, uning kun tartibidan Agentlik va AQSHning Federal sud markazi o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari o‘rin oldi.
Ta’kidlanganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun ham foydali hisoblanadi. Bunda AQSH Federal sud markazi tomonidan sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat bilan yaqindan tanishish, bu borada o‘zaro tajriba almashish, hamda mavzu yuzasidan turkum seminarlar tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sud tizimida korrupsiyaning oldini olish, tizimda odob-ahloq qoidalarini qo‘llab-quvvatlash hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazishni o‘z ichiga oluvchi qo‘shma dastur ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdilar.