Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sog‘liqni saqlash tizimini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish, tizimga ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini joriy qilish orqali, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda korrupsiyani vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf qilishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasida tizimli takrorlanib kelayotgan ko‘plab kamchilik va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilib, korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilayotgani kuzatilmoqda.
Agentlik tomonidan «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridi jarayonlari o‘rganilganida, «Davlat xaridlari to‘g‘risida» va «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunlarning talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 40-moddasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari sub’ektlariga ta’sir o‘tkazishga, raqobatga yo‘l qo‘ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.
Biroq, Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi xarid komissiyasi tomonidan uskunalarga texnik xulosa taqdim qilish yuzasidan o‘tkazilgan tanlovga «Z.S.» MCHJning taqdim qilgan hujjatlari ko‘rib chiqilmagan hamda taklifi asossiz ravishda rad qilingan.
Shuningdek, Qonunning 53-moddasi bilan buyurtmachi zimmasiga maxsus axborot portaliga tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon bilan bir vaqtda joylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjat va ma’lumotlar ro‘yxati keltirilgan.
Ammo, buyurtmachisi 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan Qonunning mazkur talablariga rioya qilinmay, ishtirokchilarga tanlov hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, texnik topshiriq, takliflarni baholash mezonlari va ko‘rib chiqish tartibi hamda tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi bo‘lgan shartnoma loyihasi ilova qilinishi ta’minlanmagan.
Shu kabi qonunbuzilish holatlariga, Toshkent shahar 3-sonli klinik shifohonasi buyurtmachiligidagi 92,4 mln. so‘mlik autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham ko‘rish mumkin.
Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasida buyurtmachi g‘olib bo‘lgan taklifni baholash va aniqlashda faqat xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanishi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni xarid shartlarida bayon etilgan tartibda qo‘llashi ko‘rsatilgan.
Biroq, buyurtmachi 3-sonli klinik shifohona tomonidan autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda talabgorlarga davlat xaridlari shartlarida nazarda tutilmagan talablarni ko‘ygani va mazkur shartlar asosida g‘olibni aniqlash holatlariga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganish davomida shifoxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 3016-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 77-bandi talablariga zid ravishda «Takliflarni ro‘yxatga olish kitobi» umuman yuritilmay, talabgorlarning biron-bir taklifi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi aniqlangan.
Yuqoridagi har ikkala tanlov qonun talablari buzilgan holda o‘tkazilganligi sababli, Agentlik taqdimnomasi asosida bekor qilindi.