Joriy yilning 25-maydan buyon hududlarda davom etayotgan seminarlarning navbatdagilari bugun ham bir qator viloyatlarda tashkil etildi.
Navoiy, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va bu boradagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati to‘g‘risidagi amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a’zolari ham ishtirok etishdi.
Seminarda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonning qabul qilinishi respublikamizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda barcha sohalarda korrupsion omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaviy jinoyat asosan davlat xizmatchisi tomonidan sodir etilishi bois, uning o‘ziga xos sabablaridan biri, davlat xizmatida ishlayotgan ba’zi mansabdor shaxslarning ma’naviy qashshoqligidir. Ma’naviy qashshoq inson doimo moddiy holatini yaxshilash ilinjida bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, uning oldini olishda preventiv choralarni kuchaytirish maqsadida bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.
Davlat organlarida korrupsiya holatlari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida qonun bilan tartibga solinadigan Davlat xizmatchilarining odob-ahloq kodeksi ishlab chiqiladi va unda davlat xizmatchilari uchun cheklovlarning aniq ro‘yxati belgilanadi.
Seminarda shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama etildi.