Joriy yilning 31-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan viloyatining Davlatobod tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda tegishli idoralar bilan birgalikda hududda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilab olingan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi yig‘ilishining 2021 yil 22 fevral kungi 4-sonli bayonnomasiga asosan, “Eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni jalb qilish asosida Namangan viloyatining Davlatobod tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Tuman – shaharlar kesimida tahlil qilinganda 2020 yilda eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyatlar Namangan shahrida (242 ta) sodir etilgan.
Ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning yana biri “Korrupsiyasiz soha” loyihasi hisoblanadi.
Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda hamda oliy ta’lim, qurilish, sog‘lliqni saqlash, davlat xaridlari tizimlarida «Korrupsiyasiz soha» loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2021 yildan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etish ishlari boshlandi.
Tadbirda Agentlik direktori A. Burxanov tomonidan Namangan viloyatining yangi tashkil etilgan Davlatobod tumanida eksperiment tariqasida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazildi.
Namangan viloyat hokimligi, Namangan viloyat IIB, Namangan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da qator aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
1. Manzilli ro‘yxat asosida belgilangan muassasa yoki tashkilotga shaxsan tashrif buyurib, xodimlar bilan, shuningdek jamoatchilik vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot tashkil qilish orqali korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillar va muammolar o‘rganiladi, kompleks yondashuv asosida ushbu korrupsiogen faktor va muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi;
2. Tadbirkorlar va keng aholi vakillari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Bunda aniq hududdagi korrupsiyaning o‘lchovi va latentlik darajasi aniqlanadi hamda korrupsion xavf-xatarlarning tizimga ta’siriga baho beriladi. Tadbirkorlik faoliyati yuritish va aholining kundalik maishiy hayotida duch kelayotgan ortiqcha byurokratik to‘siqlar aniqlanadi, aholi va tadbirkorlar uchun qulay korrupsiyadan xoli muhitni yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi;
3. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hududiy bo‘limlarga tashrif buyurilib, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi muammolar o‘rganiladi. Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar va jinoiy ishlar bo‘yicha umumlashtirishlar o‘tkaziladi, har bir sodir etilgan korrupsion jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar chuqur tahlil qilinadi;
4. Davlat xizmatchilari o‘rtasida “sirli mijoz” tadbirlari o‘tkaziladi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi suiiste’molchilik va sansalorliklarga yo‘l qo‘yayotgan xodim va rahbarlarning faoliyatiga real baho beriladi;
5. Hududda yashovchi fuqarolarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi;
6. Loyihani amalga tatbiq qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, budjet mablag‘laridan foydalanish va davlat xaridlari sohasidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash choralari ko‘riladi, korrupsion holatlarni fosh qilganlik uchun eng yaxshi jamoatchilik nazorati tadbirlari rag‘batlantiriladi;
7. Loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarni xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilish, erishilgan yutuq va kamchiliklarni sarhisob qilib, ijobiy tajriba kelgusida boshqa hududlardagi ishlarga tatbiq qilinishi mo‘ljallangan.
Yig‘ilish yakunida “Yo‘l xaritasi”dagi har bir band yuzasidan ijrochilarga tegishli vazifalar yuklatildi.