Joriy yilning 16-iyun kuni Toshkent shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va Ombudsmanlarining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda a’zo davlatlar mutasaddi idoralarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun: Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti— a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. Mazkur nufuzli mintaqaviy birlashma 1985 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi ustuvor yo‘nalishlarda davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Bugungi kunda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga 10 ta davlat a’zo hisoblanib, bular – O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘oniston kabilardir.
IHTga a’zo davlatlarning Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlar rahbarlari va ombudsmanlarining birinchi uchrashuvi 2011-yilning may oyida Tehronda bo‘lib o‘tgan edi.
Yig‘ilishda a’zo davlatlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, yagona korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati mexanizmini ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq etish, sohani takomillashtirish yo‘llari muhokama qilindi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda ombudsmanlari o‘z mamlakatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, normativ-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda ombudsmanlarining o‘rni, bu jarayonda inson huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilish kafolatlari haqida ma’lumotlar berishdi.
Akmal Burxanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori:
- So‘nggi yillarda sohaga oid konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta hisoblanadi.
Ushbu dasturiy hujjat asosida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qator muhim choralar ko‘rildi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirildi, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tubdan isloh qilindi, Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, boshqa bir qator vositalarni onlayn auksionda sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi. Shu bilan birga sohaning institutsional asoslari takomillashtirib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Davlat xiszmatlarini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Anjumanning navbatdagi qismi Mintaqaviy markaz faoliyatining tashkiliy masalalariga bag‘ishlandi. Qayd etildiki, Eron davlatining Tehron shahrida joylashgan markaz IHTga a’zo davlatlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari hamda Ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirib boradi. Mintaqaviy markaz davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bilan bog‘liq tashkiliy masalalariga ko‘maklashadi. Ishtirokchilar tomonidan ushbu Markaz faoliyatini yanada faollashtirish, xususan, sohada xalqaro tajriba va bilim almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, muhim mintaqaviy tadbir va anjumanlarni tashkil etish kabi yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishning ikkinchi qismida tashkilotga a’zo davlatlar ombudsmanlarining ma’ruzalari tinglandi. A’zo davlatlar inson huquqlari bo‘yicha vakillari tomonidan o‘z davlatida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyatlaridagi ilg‘or tajriba hamda duch kelinayotgan muammoli holatlar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, inson huquqlarini ta’minlash barcha davlatlar uchun ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Shu boisdan ushbu sohadagi har bir ijobiy o‘zgarish aholi farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Ma’ruzachilar tomonidan Ombudsman vakolatlari doirasini kengaytirish, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmni takomillashtirish orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatish bo‘yicha fikr-mulohazalari bildirildi.
Qatnashchilar anjumanning inson huquqlarini ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida muhim o‘rin egallashini inobatga olib, ko‘tarilgan tashabbuslar, qabul qilinayotgan hujjatlar har bir davlat uchun amaliy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi.
Tadbirning yakuni sifatida davlatlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida bir qator takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu takliflar asosida Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada quyidagilar o‘z aksini topdi:
IHT ga a’zo davlatlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari va usullari;
mavjud muammo va masalalarni hal qilishda a’zo davlatlarning tegishli idoralari vakillari o‘rtasida uchrashuv, kelishuv va muhokamalarni tashkil etish;
mintaqadagi barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga xalaqit berayotgan korrupsiyaviy to‘siqlarni bartaraf etish masalalari;
jamiyat taraqqiyoti va farovonligiga jiddiy tahdid soladigan har qanday korrupsiya shakllari tufayli yuzaga keladigan muammolarni birgalikda hal etish uchun mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish.
Bundan tashqari yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni o‘zida aks ettirgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlari rahbarlari va ombudsmanlarining 4-yig‘ilishi xisoboti tasdiqlandi.