Joriy yilning 29-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihalari hamda ular bo‘yicha jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni muhokama qilish maqsadida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida taklif etilayotgan chora-tadbirlar, jumladan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini yuritish va ularga nisbatan bir qator cheklovlar o‘rnatish, davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish, kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ushbu jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish mexanizmlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Davra suhbatida 2021–2022-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.
- Mazkur hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda asosiy e’tibor korrupsiya holatini keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar, korrupsiyaviy jinoyatlar tahlili, so‘nggi yillarda xalqimiz, jurnalist, blogerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, takliflar hamda xalqaro konvensiya va boshqa normativ-hujjatlarga qaratildi.
Bundan tashqari 2021-2022-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida ham bir qator muhim masalalalar aks ettirilgan. Avvalo ushbu dasturga farmon va qarorda belgilangan eng muhim yo‘nalishlar hamda ularning ijro etish mexanizmlari keltirib o‘tilgan.
Yana bir ahamiyatli jihati, dasturda belgilangan vazifalar asosan, preventiv choralar ya’ni korrupsiyani oldini olishga qaratilgan yo‘nalishlar ekanligi bilan diqqatga sazovar. Belgilangan asosiy yo‘nalishlarning o‘ziyoq dastur mazmun-mohiyati haqida yetarli tasavvur bera oladi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga oid farmon va qarori loyihalari bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari e’lon qilindi. Ta’kidlanishicha, jamoatchilikdan farmon loyihasi bo‘yicha hozirga qadar 152 ta va qaror loyihasi bo‘yicha 63 ta, jami 215 ta takliflar kelib tushgan. Ularning aksariyati inobatga olinib, farmon va qaror loyhalari hamda davlat dasturiga kiritildi.