Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan joriy yilning 6-8 iyul kunlari Jizzax viloyatida o'rganishlar tashkil etildi.
Dastavval, viloyat hokimligida qator tashkilotlar vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi "Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi va mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan seminar tashkil etildi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh budjet buyurtmachilari tomonidan “dxarid.uz” maxsus axborot portalida qurilish sohasida berilgan e’lonlar bo‘yicha obyektlarni joylariga chiqib o‘rganishdi.
Kunning ikkinchi yarmida Agentlik mas’ullari Davlat Rahbarining 2020 yil 25 noyabrdagi “Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 9-bandiga muvofiq loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralik bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
O‘rganish doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy bo‘linmalari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati, xususan tizimda budjet mablag‘larining foydalanish va qonun hujjatlariga rioya etilishi holati o‘rganildi. Shuningdek, holat yuzasidan aholi hamda soha xodimlari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. O'rganishlar davom etmoqda.