Аvval xabar berganimizdek, Agentlik vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmunini tushuntirish va ijrosini ta’minlash yuzasidan hududlarda turkum seminarlar olib borilmoqda.
Navbatdagi seminar joriy yilning 12 iyul kuni Toshkent shahar hokimligida tashkil etildi.
Seminarda Agentlik direktorining o‘rinbosari U.Tuxtasheva ma’ruza bilan ishtirok etdi hamda unga Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari, shuningdek barcha darajadagi mutasaddi idoralar rahbarlari jalb qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga qabul qilingan farmon bilan davlat organlari va tashkilotlariga qo‘yilayotgan yangi talablar hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi 355-son qaroriga kiritililishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida tushuntirish berildi.
Xususan, xujjat bilan barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, farmon ijrosi bo‘yicha bugungi kunda yo‘l qo‘yilib kelingan kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berib o‘tildi.