Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Murod Mo‘minov profili ostida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida barchaga o‘zini tanishtirib, aldov yo‘li bilan noqonuniy daromad qilayotgan shaxs qo‘lga olindi.
Dastlab bunday firibgarlikdan jabrlangan fuqaro “N.S” tomonidan Agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilinib, unga nisbatan qonuniy jazo ko‘rilishi so‘ralgan.
Holat o‘rganilganda, fuqaro M.Mo‘minov o‘zini Agentlik xodimi sifatida tanishtirib, ariza muallifiga avtomashina va uy olib berishni vaʼda qilib, undan 11.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan olganligi maʼlum bo‘ldi.
Keltirib o‘tilgan holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan M.Mo‘minovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
M.Mo‘minov Agentlik tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, ushbu tadbirlar yuzasidan Internet tarmog‘ida berib borilayotgan foto-video lavxalarni o‘ziga saqlab olgan. Mazkur maʼlumotlarni atrofidagilarga ko‘rsatish orqali o‘zini Agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining Agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on maʼlumotlarni joylashtirib kelgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shuni eslatib o‘tadiki, ushbu shaxsning firibgarlik tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar Agentlikning (71)202-04-02 (316) yoki Yakkasaroy tumani IIO FMBning (71)230-98-40 raqamiga murojaat qilishlari mumkin.