O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan hududlarda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda muntazam o‘rganishlar o‘tkazib kelinayotganligini ma’lum qilamiz.
Brifing davomida korrupsion holatlarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan ana shunday o‘rganishlar natijalariga to‘xtalib o‘taman.
Jumladan, Agentlik tomonidan o‘tgan bir yil davomida respublika viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganish tadbirlarida to‘plangan hujjatlar asosida xuquqni muxofaza qilish organlari tomonidan jami 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ta’minlandi.
Jinoyat ishlarining 26 tasi budjet mablag‘larini talon-taroj qilish, 3 tasi hujjatlarni qalbakilashtirish, 2 tasi mansab vakolatini suiste’mol qilish, 1 tasi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, 2 tasi firibgarlik va firibgarlik yo‘li bilan pora olish jinoyatlari hisoblanadi.
Ushbu jinoyatlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak:
Samarqand viloyatida 8 ta;
Andijon viloyatida 6 ta;
Toshkent shahrida 6 ta;
Jizzax viloyatida 4 ta;
Namangan viloyatida 3 ta;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta;
Toshkent viloyatida 2 ta;
Qashqadaryo viloyatida 1 ta;
Navoiy viloyatida 1 ta jinoyat sodir etilgan.
Mazkur jinoyatlarning 4 tasi respublika, 10 tasi viloyat, 20 tasi tuman-shahar tashkilotlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Sohalar kesimida o‘rganilganda, qurilish sohasida 11 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 7 ta, mehnatga haq to‘lash sohasida 4 ta, oliy ta’lim sohasida 3 ta, xalq ta’limi sohasida 3 ta, davlat xaridlari sohasida 2 ta, suv xo‘jaligi sohasida 2 ta, boshqa sohalarda 2 ta jinoyat sodir etilgani aniqlandi.
Jumladan, Andijon, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari va boshqa buyurtmachi tashkilotlarida jami 461,3 mlrd. so‘mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish ob’ektlari o‘rganildi.
O‘rganishda, Andijon viloyatida 18 ta, Jizzax viloyatida 11 ta, Navoiy viloyatida 7 ta tanlov va tenderlarni qonunga xilof ravishda o‘tkazib, qurilish ob’ektlarida davlat budjetiga turli ko‘rinishda 19,6 mlrd. so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Masalan, Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan Zomin tuman tibbiyot birlashmasida perinatal markazi qurish, Zarbdor tuman hokimligi ma’muriy binosi, Zomin tumanidagi 60-sonli maktab va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tanlov o‘tkazilmay, xarid komissiyasi bayonnomalari soxtalashtirilib, ayrim qurilish-pudrat tashkilotlari g‘olib bo‘lishiga sharoit yaratib berilgan.
Ushbu aniqlangan holatlar bo‘yicha yuborilgan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- hamda 209-moddalari bilan jami 10 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimlarida sog‘liqni saqlash tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida budjet mablag‘lari, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishda, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan 9,2 mlrd. so‘mlik dori vositalariga muqobil tijorat takliflari mavjud bo‘lgani holda, 14 mlrd. 902 million so‘mga, ya’ni 5 mlrd. 643 million so‘m qimmat narxlarda xarid qilingani, 4,9 mlrd. so‘mlik tender va 186,1 mln. so‘mlik elektron do‘kon shaklidagi xaridlar qonun talablariga zid ravishda tashkil qilingani aniqlandi.
O‘rganish natijalariga asosan Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda uning quyi tizimidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda davlat xaridlarini amalga oshirish, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi o‘rganildi.
O‘rganishda Norin - Qoradaryo irrigatsiya tizimidagi Oltinko‘l irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxsi B.M. davlat budjetidan ajratilgan 200 mln. so‘mlik ish haqlarini soxta hujjatlar asosida o‘zlashtirganligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakuni bo‘yicha bo‘lim tomonidan B.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Agentlik tomonidan shuningdek, oliy ta’lim sohasida o‘rganishlar amalga oshirildi va Namangan Davlat Universitetining 2020 yilda amalga oshirgan xarid jarayonlari ko‘rib chiqildi.
O‘rganishda, Namangan Davlat Universiteti buyurtmachiligidagi 837,0 mln. so‘mlik davlat xaridlari tegishli “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarining qo‘pol ravishda buzilgan holda amalga oshirilgani aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasida budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganishda hududdagi budjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etildi.
Samarqand viloyatidagi o‘rganish natijalari bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 167-, 209-moddalari bilan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xuddi shunday Qashqadaryo viloyatidagi o‘rganish natijalari bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 144-, 205-, 208-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ta’kidlash joizki, Agentlik so‘rovnomalariga asosan qo‘zg‘atilgan 34 ta jinoyat ishlaridan 15 tasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.
Xususan, O‘zbekiston Brokerlar assotsiatsiyasining murojaatiga asosan Turizm va sport vazirligida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishda, sport anjomlari va jihozlari xarid qilishda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablarining buzilganligi aniqlanib, vazirlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.
Ushbu holat bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining 167-, 205-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat direktorining davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalaridan norozi bo‘lib, Agentlikka yo‘llagan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda, Angren shahar BO‘SM(Bolalar va o‘smirlar sport maktabi) tomonidan o‘tkazilgan tanlovda qatnashgan mazkur MCHJ tomonidan berilgan taklif 596 mln. so‘mligi va tanlovda g‘olib bo‘lgan boshqa MCHJ taklifidan 179 mln. so‘mga arzon bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilik talablariga zid ravishda yuqori narx taklif qilgan MCHJ g‘olib deb topilganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.
Mazkur holat bo‘yicha Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan komissiya raisi, ya’ni Angren shahar BO‘SM direktoriga nisbatan JKning 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro “X.A.” Agentlikka murojaat qilib, tanishi M.Mo‘minov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ishlashini aytib, unga uy-joy olib berishni va’da qilgan holda 11 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olganligini bayon qilgan.
Agentlikning Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi tomonidan mazkur xolat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilib, taqdim qilingan hujjatlar asosida Yakkasaroy tuman IIB tomonidan fuqaro M.Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, kelib tushgan arizalar asosida Davlat Xavfsizlik Xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan xamkorlikda yer sotish, pora talab qilish, firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish va boshqa holatlar bo‘yicha 7 ta tezkor tadbirlarda ishtirok etdi.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi Oltinko‘l tuman filiali rahbari “M.A.” mansab vakolatidan foydalanib, tuman hokimligi zahirasidagi 1 gektar yer maydonini ajratib berish uchun fuqaro “U.A.”dan 50 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat bo‘yichi fuqaro “M.A.”ga nisbatan Jinoyat kodeksining168-, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat Xavfsizlik Xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro “F.A.” tanishi “S.K.”ni Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 15 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan fuqaro “F.A.”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Agentlik bundan buyon ham korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan soha va hududlarda o‘rganish ishlarini davom ettirib, natijalari bo‘yicha jamoatchilikka axborot berib boradi.
Shu o‘rinda fuqarolar va tadbirkorlardan korrupsiya holatlariga duch kelganlarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat qilishlari so‘raladi.
Eslatib o‘tmoqchimizki, joriy yil 4 avgustdan boshlab Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan yeanticor.uz sayti ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur portal orqali fuqarolar korrupsiya holatlari bo‘yicha Agentlikka murojaat qilishlari mumkin.