Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6257-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturiga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini ishga tushirish vazifasi belgilangan.
Bugungi kunda mazkur vazifa ijrosini samarali va o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan bir qator amaliy choralar, xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Yevropa Kengashi tomonidan joriy yilning 20-21-oktabr kunlari «O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun daromadlarni va mol-mulkni elektron deklaratsiya qilish tizimini yaratish va boshqarish» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Yevropa Kengashi vakillari YE.Dunga, D.Grozdev, A.Dyubanova, shuningdek Yevropa Kengashi tomonidan jalb qilingan ruminiyalik ekspert Silviu Popa ishtirok etdi.
Seminar davomida aktivlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish tizimining turlari va ularni boshqarishning samarali usullari, deklaratsiyani taqdim etishning asosiy bosqichlari, shuningdek, aktivlar deklaratsiyasini avtomatlashtirish, elektron aktivlar deklaratsiyasi tizimini yaratish va boshqarish jarayonidagi mas’ul xodimlarning asosiy vazifalarini belgilash va shu kabi boshqa masalalar xorijiy davlatlar tajribasi misolida muhokama qilindi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan deklaratsiya topshirish jarayonini raqamlashtirish, taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshiruvdan o‘tkazishning elektron tizimini yaratish va boshqarish jarayonlari haqidagi ma’lumotlar Agentlik xodimlarining e’tiborini tortdi.
Tadbir yakunida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar oldilar hamda daromadlarni elektron deklaratsiya qilish tizimini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirishga kelishib oldilar.