O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Kun.uz nashrida 2021-yil 21-oktabr kuni e’lon qilingan “Navoiyda 1 mlrd budjet pulini talon-toroj qilgan mansabdor hokim tomonidan mukofotlandi” sarlavhali maqolada keltirilgan ma’lumotlar o‘rganildi.
Maqolada fuqaro Y.Tursunov jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining sudining 04.03.2021-yildagi hukmiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsada Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelganligi, shu bilan birga Navoiy shahar hokimining 2021-yil 31-avgustdagi buyrug‘iga ko‘ra bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilganligi tanqid ostiga olingan.
Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2021-yil 4-martdagi hukmiga ko‘ra fuqaro Y.Tursunovga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, har oylik ish haqidan 10 foizini davlat daromadiga undirgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 528-moddasiga ko‘ra (Apellyatsiya shikoyati yoki protest berilgan taqdirda hukm, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, ish yuqori sud tomonidan ko‘rib chiqilgan kunda qonuniy kuchga kiradi) sud qarori 2021 yilning 18-avgust, ya’ni Navoiy viloyat sudi appelyatsiya instansiyasining qarori e’lon qilingan kundan kuchga kirgan.
Mazkur sud qarori ijro uchun Navoiy shahar Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya guruhiga yuborilgan.
Navoiy shahar Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya guruhi tomonidan Navoiy shahar hokimligiga sudlangan Y.Tursunovni Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.
Shundan so‘ng, Navoiy shahar hokimining 2021-yil 18-oktabrdagi buyrug‘i bilan Y.Tursunov Navoiy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati