Joriy yilning 28 oktabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Tim Torlotni qabul qilib, Agentlik va diplomatik vakolatxona o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda, shuningdek Hukumatlararo Hamkorlik Xizmatining O‘zbekistondagi Loyihalar menejeri Maykl Gallaxer ham (onlayn) ishtirok etdi.
Hukumatlararo Hamkorlik Xizmati (GPI) – Buyuk Britaniya hukumatining bo‘linmasi bo‘lib, chet eldagi hamkor hukumatlarga fuqarolar uchun yaxshiroq davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘mak ko‘rsatuvchi tashkilot hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida Agentlik, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi va Hukumatlararo Hamkorlik Xizmati o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolanib, tomonlar kelgusida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Memorandum doirasida davlat organlari hisobdorligini oshirish, ochiqlik va shaffofligini ta’minlash, davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish hamda idora faoliyatida ma’lumotlar bilan ishlash va samarali boshqaruv kabi masalalar bo‘yicha hamkorlik qilinadi.