2021 yil 17 noyabr kuni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raxbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum orqali YXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyati bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligini oshirish borasida qo‘shma tadbirlarni amalga oshiradi.
Ma’lumot uchun: Memorandum YXHTning iqtisodiy va ekologik faoliyat buyicha koordinatori Igli Xasani va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov tomonidan imzolandi. Memorandum doirasidagi tadbirlar «Raqamlashtirish va ochiq ma’lumotlardan foydalanish orqali YXHT mintaqasida samarali boshqaruv va ijobiy biznes muhitini rag‘batlantirish» loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Anglashuv memorandumi YXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, ochiq ma’lumotlar va raqamlashtirish orqali mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat va islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Memorandum ochiq ma’lumotlar bo‘yicha o‘quvlarni tashkil etish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish orqali davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash va davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, uchrashuvda agentlik direktori A.Burxanov xorijlik hamkasblariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va keyingi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashishning tarkibiy va huquqiy mexanizmlari takomillashtirilgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u ochiq hukumat ma’lumotlari bo‘yicha xalqaro tamoyillarni tadbiq etish taklifini qo‘llab-quvvatladi va davlat muassasalari va tashkilotlarida shaffoflik va javobgarlikni oshirish uchun ochiq ma’lumotlar sohasidagi tashabbuslarini kengaytirishni taklif qildi.
Elchi Xasani ochiq ma’lumotlar va samarali boshqaruv bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali YXHT barqaror institutsional salohiyatni shakllantirishga, mintaqamizdagi biznes va sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun mavjud tajriba tarmoqlarini mustahkamlashga va yangi tajriba tarmoqlarini yaratishga yordam berishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.