“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida “Korrupsiya - rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida “O‘ztransgaz” AJda seminar tashkil etildi.
Ta’kidlandiki, korrupsiyaga qarshi kurashishda manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga chek qo‘yish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish muhim profilaktik choralar hisoblanadi. Shu ma’noda, "komplayens-nazorat" korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki uni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash va bartaraf etishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatlidir.
Komplayens nazorat tizimining ana shunday samarali va ta’sirchan jihatlaridan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yildan boshlab, barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etib kelmoqda.
Tadbirda Agentlik xodimlari tomonidan ushbu tuzilmaning faoliyati hamda vazifalari, majburiyatlari va vakolatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, komplayens xizmatida faoliyat yurituvchi kadrlar masalasiga to‘xtalib, ular zimmasidagi mas’uliyat, xususan, tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishdagi tartib va talablarga e’tibor qaratildi.
Seminarda komplayens nazorat tizimi davlat organlari va tashkilotlarning hisobdorligi, faoliyatining shaffofligini ta’minlashda, shuningdek xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishi bilan bog‘liq jarayonlarda ijobiy natijalar berishi qayd etildi.
Ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va xorijning ilg‘or tajribasi yuzasidan ham o‘zaro fikr almashishdi.