BMTning “Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi” qo‘shma dasturi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzusida tashkil etilgan turkum treninglar bu gal farg‘onalik yosh davlat xizmatchilarini o‘zaro muloqotga chorladi.
Bosh prokuratura Akademiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida joriy yilning 19-20 noyabr kunlari o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish va sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan qonunchilikka kiritilayotgan qator yangi mexanizm va normalar, amalga oshirilayotgan islohotlarga oid ma’ruzalar tinglandi. “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusidagi interfaol mashg‘ulotlar ayni masalaning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ishtirokchilar, shuningdek, davlat xizmatchilari tomonidan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, manfaatlar to‘qnashuvi, poraxo‘rlik va boshqa korrupsiogen huquqbuzarliklar, ularga nisbatan qo‘llaniladigan choralar borasida bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada boyitdi.
Muloqotlar davomida davlat xizmatchilarining o‘z faoliyatini olib borish jarayonida amal qilishi lozim bo‘lgan vazifalar, korrupsiyani vujudga kelishiga imkon yaratuvchi sabab va shart-sharoitlarga yo‘l qo‘ymaslikning amaliy va tashkiliy chora-tadbirlari yuzasidan mulohazalar bildirib, takliflar ilgari surildi.
Yosh davlat xizmatchilarining fikricha, korrupsion holatlarining oldini olishda boshqaruv faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini ta’minlash katta ahamiyata ega. Shu bois davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish, raqamlashtirishning ilg‘or yutuqlarini faol qo‘llash orqali boshqaruv jarayonlarida inson omilini kamaytirishga erishish lozim.
Treningda mutaxassislar tomonidan yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga ijtimoiy safarbar qilish, davlat va jamiyat hayotiga dahldorligini yanada oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan tavsiyalar berildi.