“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan davra suhbatlarining navbatdagisi joriy yil 29-30 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va viloyatida tashkil etildi.
“Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda Agentlik mutaxassislari, vazirlikning tarkibiy va hududiy tuzilmalaridagi mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida mamlakatimiz korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, korrupsiyaviy xatti-harakatlarning sabab va oqibatlari, korrupsiyaviy xavf-xatarlar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan preventiv chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Bu borada, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (“komplayens-nazorat”) bilan bog‘liq tashkiliy-amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida ushbu yangi tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va samarali faoliyat yuritishiga ko‘maklashish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini ishlab chiqish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va bartaraf etish choralari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlarni ishga qabul qilish va o‘qitish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va korrupsiyaga oid chora-tadbirlarni nazorat va monitoring qilish tartibini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davra suhbatlarida budjet mablag‘larining sarflanishi, davlat xaridlarining amalga oshirilishi, nomzod(xodim)larni ishga tanlash, tayinlash va rag‘batlantirish jarayonlaridagi korrupsiya holatlarining oldini olish, huqubuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash borasida Agentlik tomonidan olib borilayotgan ishlar, ularning ijobiy natijalari xususida ham to‘xtalib o‘tildi.