Joriy yil 1 dekabr kuni bolalarni maktabga qabul qilish bosqichida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.
Mazkur tadqiqot “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda birinchi antikorrupsiya laboratoriyalarini yaratish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Loyiha ekspertlik laboratoriyalarini tashkil etish va respublika miqyosida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘rganish, tadqiqotlarga keng jamoatchilikni jalb etish maqsadida 2020 yil dekabr oyida ishga tushirilgan.
Tadqiqotning birinchi bosqichi so‘rovnoma va intervyu shaklida o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor bolalarni boshlang‘ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholashga qaratildi.
Tadqiqot O‘zbekistondagi 114 ta maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab direktorlarini qamrab oldi. Xususan, aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch toifa respondentlar o‘rtasida so‘rovlar tashkil etildi. May – iyun oylarida esa 14 ta viloyatdagi 114 ta maktabda kengaytirilgan so‘rovlar o‘tkazildi. Shundan 28 tasi shahar, 31 tasi tuman markazi, 31 tasi qishloq aholi punktidan iborat.
So‘rovnomada jami 4 920 nafar respondent, shu jumladan, 114 nafar maktab direktori, 1 563 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 3 243 nafar ota-ona ishtirok etdi. To‘plangan barcha ma’lumotlar tizimlashtirildi va tahlil qilindi.
Jamoatchilik muhokamasi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat olib boruvchi davlat organlari, milliy va xorijiy ekspertlar, xalq ta’limi vakillari ishtirokida tahliliy tadqiqotning asosiy natijalari ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, uch toifa respondentlar – boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari va direktorlar, umuman, maktabga qabul jarayonida bevosita qatnashuvchilar orasida kasbiy etikaga zid, shuningdek, korrupsiyaviy xatti-harakat omillari va qator faktlar aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, so‘rovnoma ishtirokchilarining javoblari asosida korrupsiyaviy xavflar yoki nohalollik omillari bo‘lgan umumiy tendensiyalar aniqlab olindi. Bu tendensiyalar boshlang‘ich maktabga qabul jarayoni va ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi. Ular asosan, mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi (sinflarda o‘quvchilari soni me’yoridan oshib ketishi), 1-sinfga qabul qilishda ta’lim tili bo‘yicha aniq talablar yo‘qligi, ta’lim sifati pastligi kabi muammolar bilan bog‘liq.
Ma’lumot qilinishicha, so‘rovda qatnashgan har beshinchi ota-ona maktabda joy qolmagani uchun o‘zi yashaydigan mikrohudud kvotasi bo‘yicha farzandini joylashtira olmagan. O‘qituvchilar tomonidan sinflarda o‘quvchilar sonining me’yoridan oshib ketishi holati bo‘yicha eng ko‘p e’tiroz Namangan viloyatidan (52 foiz), Andijon viloyatidan (37,5 foiz), Toshkent viloyatidan (29 foiz), Xorazm viloyatidan (26 foiz) bildirilgan.
Muammolarning aksariyati budjet mablag‘larining yetarli emasligiga borib taqalmoqda, bu, o‘z navbatida, ota-onalar tomonidan norasmiy to‘lovlarni amalga oshirishiga, o‘qituvchilar va direktorlarning etikaga zid harakat qilishlariga sabab bo‘lmoqda. Yana bir tendensiya maktab ta’minoti, uning infratuzilmasi, maktab xodimlarining oylik maoshi kamligi, malakali kadrlar yetishmasligi, bolalar maktabga qabul qilinayotganda psixologik jihatdan tayyor emasligi, shuningdek, ota-onalar, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan o‘qituvchi yoki direktorga ta’sir va bosim o‘tkazish masalalarini qamrab oladi.
Muhokama jarayonida bunday holatlarning sabablari ochiqlandi, xulosa va tavsiyalar taqdim etildi. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha loyihaga jalb etilgan ekspertlar, ta’lim sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari, jurnalistlar fikr bildirdi. Ishtirokchilar tahlil qilingan ma’lumotlarni muhokama qilish bilan birga, ishlab chiqilayotgan metodologiyani takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalari, xalqaro tajribasi bilan ham o‘rtoqlashdi.
Ishlab chiqilgan tavsiyalar hamda tadqiqot metodologiyasi Xalq ta’limi vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.