Joriy yilning 2 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Bosh prokuratura huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Radjabov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Tadbirda Ozarbayjon Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nazim Radjabov, Bosh prokuratura huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Tashkiliy va ma’lumot ta’minoti bo‘limi vakillari Natig Eyvazov va Kamil Kamilli ishtirok etdilar.
Muloqot avvalida Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, bu borada olib borilayotgan so‘nggi islohotlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning tutgan o‘rni to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Agentlik va Ozarbayjon Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, tajriba almashish, Agentlik xodimlarining salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar, o‘quv dasturlar, stajirovka va shu kabi qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishni qamrab oladi.
O‘zaro muloqot va muzokara tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuv yakunida ikki taraf vakillari tomonidan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.