Bugun Xalqaro press-klubning "O‘zbekistonda aksilkorrupsiyaviy islohotlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar" mavzusidagi navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki Ishlar vazirligi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining rahbar vakillari sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berdi.
Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi bugun yangi O‘zbekiston uchun nechog‘li dolzarbligi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi, turli talon-tarojlikka yo‘l qo‘yilishining oldi olinmoqda.
Masalan, barcha davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar endilikda d.xarid.uz saytiga joylashtirilmoqda. Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining hisobga qo‘yilgan ma’lumotlari bazasi (my.gov.uz) va boshqa platformalar bugungi kunda korrupsiyaning oldini olishda, xususan, samarali instrumentlar bo‘lgan ochiqlik va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati tamoyillarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan qoidalarni bekor qilish maqsadida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi.
Xususan, amalda bo‘lgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30 foizgacha qisqartirilib, 49 ta litsenziya, 120 ta ruxsat berish hujjati hamda 33 ta xabarnomaning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi.
Natijada dunyo mamlakatlaridagi korrupsiyaviy holatlarni baholab boruvchi “Transparency International” xalqaro tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida O‘zbekiston 2020 yil yakunlariga ko‘ra 146-o‘rinni band etib, 2019 yilga nisbatan 7 pog‘onaga yuqoriladi va bu bilan mamlakatimiz so‘nggi 5 yilda o‘z ko‘rsatkichlarini ijobiy tomonga o‘zgartirayotgan kam sonli davlatlar qatoriga kirdi.
Tadbirda, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi 4-raund monitoringi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bergan tavsiyalari bo‘yicha barcha yo‘nalishlarda o‘sishga erishilgani qayd etildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, bu boradagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi nazoratga olingan.
Bugungi kunda mazkur sohada bir qator xalqaro tashkilotlar, xususan, BMTning Taraqqiyot dasturi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, YUNISЕF, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti, shuningdek, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma kabi tashkilotlar bilan respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarini ilg‘or tajriba asosida amalga oshirish va xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish maqsadida yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.
Shuningdek, Agentlik Singapur, Malayziya, Sloveniya, Gonkong, Koreya, Ukraina, Qozog‘iston, Fransiya, Avstriya, Germaniya, Xitoy, Bolgariya, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan.
Sessiyada Agentlik faoliyatiga doir masalalar yuzasidan savollarga atroflicha javob qaytarildi.