“Hududiy elektr tarmoqlar” AJda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da “komplayens-nazorat” tizimining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi muhim o‘rni xususida atroflicha so‘z yuritildi.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Antikorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Agentlik xodimlari, aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari, boshqarmalar boshliqlari, mutaxassislar, OAV xodimlari hamda tuman kengashlari deputatlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, aksiyadorlik jamiyati va uning tasarrufidagi korxonalarda “komplayens-nazorat” tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur tuzilma korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash hamda davlat xizmatiga “halollik” standartlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda Agentlik mutaxassislari tomonidan ushbu tizim faoliyatini har tomonlama samarali tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
“Ochiq eshiklar kuni”da korrupsiya va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashishda kelgusidagi vazifa va maqsadlar ham muhokama qilindi. Ularni amalga oshirishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi.