Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ko‘magida IHTTning O‘zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish loyihasi doirasida “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish” mavzusidagi o‘quv kursi ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
O‘quv kursi “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik” va “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish” nomli masofaviy va an’anaviy shakldagi ikkita o‘quv modulini o‘z ichiga oldi.
O‘quv kursining masofaviy qismida prokuratura organlari, Davlat xavfsizlik xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilish va tergov qilishga mas’ul bo‘lgan tergovchilari, xodimlari korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish, jinoiy aktivlarni qidirish, xatlash va musodara qilish, idoralararo va xalqaro hamkorlik vositalaridan foydalanish kabi nazariy masalalar bilan tanishib chiqdi.
Joriy yilning 29 noyabridan 3 dekabriga qadar Bosh prokuratura Akademiyasida IHTTning Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i ekspertlari va milliy trenerlar ishtirokida kursning trening qismi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda korrupsiya bilan bog‘liq gipotetik jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini o‘tkazishdi.
Amaliy topshiriqlarni bajarish, mavjud muammolarni muhokama qilish va hal etish, simulyatsiyaviy ish bo‘yicha oraliq va yakuniy qarorlarning taqdimotini o‘tkazish ishtirokchilarning tegishli amaliy ko‘nikmalarini yaxshilashga imkon berdi.
O‘quv tadbiri yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.