Namangan shahrida yangi tashkil etilgan Davlatobod tumanida jamoatchilik, mahalliy va xorijlik yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda «Korrupsiyasiz hudud» loyihasi eksperiment tariqasida amalga oshirib kelinmoqda.
Loyiha asosida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirish, erishilayotgan ijobiy yutuqlarni respublika miqyosida keng targ‘ib qilish maqsadida joriy yil 3 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tuman hokimligi hamda “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani"da press-tur tashkil etildi.
Dastlab tuman hokimligida yig‘ilgan larga “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish maqsadida Agentlik va Namangan viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va prokuratura hamkorligida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida tumanda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani”da “Yoshlar klubi” vakillari hamda soha mutaxassislari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tumanni korrupsiyadan holi hududga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning amaliy natijalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlandiki, “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini hayotga tatbiq etishda budjet mablag‘laridan foydalanish va davlat xaridlari sohasidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, shu orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda. Budjetning harajatlar qismi tuman hokimligi Internet tarmog‘idagi rasmiy sahifalarida muntazam e’lon qilinib, monitoring ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, 871,5 mln. so‘mlik 3 ta davlat xaridlarini e’lon qilishda qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlanib, Agentlik tomonidan buyurtmachilarga 3 ta taqdimnomalar kiritildi hamda shu asosda ma’lumotlar belgilangan tartibda qayta joylashtirildi.
Tadbirda kadrlarni ishga qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, shu yilning o‘tgan davri mobaynida 108 nafar xodim ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan ishga qabul qilingan. Ammo, afsuski, bu yo‘nalishda mas’liyatsizlikka yo‘l qo‘yish holatlari ham uchrab turibdi. Davlatobod tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ishga kirishda korrupsiyaning oldini olish, davlat tashkilotlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlarining to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan nazorat tekshirishlari davomida 3 ta holatda ish o‘rinlarini yashirish aniqlandi va 3 nafar tashkilot rahbarlari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Uchrashuv yakunida “Biz yoshlar korrupsiyaga qarshimiz” rasmlar va insholar tanlovi g‘oliblari, shuningdek, targ‘ibot tadbirlarida faol bo‘lgan bir guruh yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi doirasida korrupsiyaviy jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bunday huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar bilan ham tanishdi.
Press-tur ishtirokchilari loyiha doirasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va omillarini o‘rganish, bartaraf etish borasida davom ettirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.