O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-son farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.
Bugungi kunda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur farmon bilan tasdiqlangan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning Ochiq ma’lumotlar portali hamda rasmiy veb-saytlarda o‘z vaqtida va to‘liq e’lon qilinishi, ko‘rsatilgan muddatlarda yangilab borilishini nazoratga olgan.
Xususan, Agentlik o‘tkazilgan navbatdagi masofaviy o‘rganishlar davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyidagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning belgilangan resurslarda ochiqlanishi holati (joriy yilning 20 dekabr kuni holatiga) o‘rganildi:
- davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
- davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosito‘g‘risidagi ma’lumot;
- mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vaboshqalar.
O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 10 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, Moliya, Adliya va Xalq ta’limi vazirliklari, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Farmonning yuqoridagi bandlari ijrosini ta’minlashda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi hamda ushbu kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha ularga tegishli tavsiyalar berildi.
Fursatdan foydalanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga e’tiroz bildirib, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali asossiz ma’lumot tarqatilayotganligi munosabati bilan quyidagilar ma’lum qilinadi:
1. Agentlik joriy yilning 20 dekabr kuni holatiga o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmonining boshqa davlat organlari va tashkilotlariqatorida Adliya vazirligi tomonidan ijro etilish holatini o‘rgandi. Uning natijasiga ko‘ra, Farmonning 1-ilovasi 3-, 4-, 14-, 15- hamda 29-bandlari ijrosi o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagani aniqlandi.
Agentlik Farmonning aynan 1-ilovasi 15-bandi ijrosi noto‘g‘ri talqin etilish holatlari uchrayotgani munosabati bilan, faqatgina mazkur band bo‘yicha atroflicha tushuntirish berishga qaror qildi. Qolgan barcha xato va kamchiliklar bo‘yicha izohlar aks etgan batafsil ma’lumotlar vazirlikka taqdim etildi.
Xususan, Farmonning 1-ilovasi 15-bandiga muvofiq, barcha davlat organlari va tashkilotlari o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (tezkor-qidiruv, harbiy va boshqa maxsus xizmatlarda foydalaniladigan ashyolar bundan mustasno) Ochiq ma’lumotlar portali hamda rasmiy veb-saytlarda joylashtirib, har chorakda yangilab borilishi belgilangan.
Adliya vazirligi tomonidan ko‘chmas mulk hisoblanuvchi, vazirlik tasarrufida bo‘lgan 100% ulushi Adliya vazirligiga tegishli bo‘lgan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” dam olish maskani ("Konvension markaz majmuasi direksiyasi" UK) haqidagi ma’lumot har ikki resursda ham joylashtirilmagan.
Adliya vazirligi tomonidan ijro etilgani ta’kidlanayotgan 8-band (ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari ro‘yxati, shuningdek, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxati) bo‘yicha ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilinadi. Agentlik ushbu band ijrosi bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga e’tiroz bildirmagan.
E’tiborlisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farmon ijrosini ta’minlashda Adliya vazirligi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar e’lon qilinganidan so‘ng, ya’ni 22 dekabr kuni vazirlik tomonidan rasmiy veb-saytdagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar joylashtirilib kelinadigan Ochiq ma’lumotlar bo‘limida Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq ma’lumotlar sahifasi tashkil etilgan. (Monitoring o‘tkazilgan paytda ushbu sahifa mavjud bo‘lmagan)
Shundan so‘ng, ushbu sahifaga barcha talab etilgan hujjatlar, jumladan, “Konvension markaz majmuasi direksiyasi” UK haqidagi ma’lumot “Adliya vazirligi huzuridagi o‘zlari aksiyador funksiyalarini bajaruvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashi a’zolarining ismi va familiyasi to‘g‘risida ma’lumot” sifatida joylashtirilgan.
Agentlik ixtiyorida buni tasdiqlovchi ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular Adliya vazirligiga ham taqdim etildi.
Shu munosabat bilan vazirlikka yuborilgan ma’lumotda bu kabi holatlarning kelgusida yuzaga kelmasligi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan va jarayonlarda ishtirok etgan xodimlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini belgilash so‘raldi.
Xuddi shunday, ushbu yo‘nalishda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganilganda, Qo‘mita tomonidan Farmon talablarining o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishida qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Xususan, Farmonning 1-ilovasi:
- 4-bandida nazarda tutilgan, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytga o‘z vaqtida joylashtirilmagan.
- 10-bandda ko‘rsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, ushbu korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tasarrufidagi yengil avtomobillar, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-sayt hamda Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilmagan.
- 15-bandda belgilangan, davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytga umuman joylashtirilmagan.
Ushbu band ijrosi bo‘yicha Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirilgan ma’lumotlar tarkibida esa Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan “Humson sanatoriyasi” davlat unitar korxonasi yoki “G’azalkent” sog‘lomlashtirish markazi va boshqa ko‘chmas mulklar aks ettirilmagan. Ushbu bo‘limda faqatgina xizmat avtotransport vositalari va xizmat uylari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud.
Shu munosabat bilan, Portaldagi “Tashkilotning quyi tashkilotlari, filiallari va hududiy bo‘linmalari” tarkibidagi ko‘chmas mulklarni farmon talablariga muvofiq taqdim etish maqsadga muvofiqligi bildirildi.
- 29-banddagi, davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari, uning tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytga joylashtirilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi talablarning turlicha talqin qilinishining oldini olish maqsadida, Agentlik tomonidan davlat idoralari va tashkilotlarining faoliyatiochiqligini ta’minlashda ma’lumotlarni e’lon qilish tartibi, shu jumladan, har bir band bo‘yicha namunaviy shakllar ishlab chiqilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur Farmon ijrosining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishida vazirlik va idoralarga kerakli maslahat va ko‘mak berishga hamda yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qiladi