“Telegramm” ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan “Tenderdagi g‘irromliklar hamon davom etmoqda” nomli postda Farg‘ona viloyati hokimiligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring” kompaniyasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan tender natijalarini bekor qilish so‘ralgan.
Maqolada Farg‘ona viloyati hokimiligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring” kompaniyasi buyurtmachiligida “tender.mc.uz” portali orqali qiymati 2,4 mlrd. so‘mlik Qo‘qon shahrida joylashgan erkaklar Muruvvat uyi binosini ta’mirlash bo‘yicha tender o‘tkazilganligi, tenderda ishtirok etgan “Farg‘ona kristal qurilish” korxonasiga va “Far jasmin disko servis” korxonasi o‘zaro affillangan bo‘lishi mumkinligi bayon qilingan.
Aniqlanishicha, “tender.mc.uz” portali orqali 2021 yil 10 dekabr kuni o‘tkazilgan lot raqami 15916-son bo‘lgan Qo‘qon shahrida joylashgan erkaklar Muruvvat uyi binosini ta’mirlash bo‘yicha tenderda “Farg‘ona kristal qurilish” korxonasi va “Far jasmin disko servis” korxonasi ishtirok etgan bo‘lib, “Farg‘ona kristal qurilish” korxonasi 61,1 ball bilan g‘olib bo‘lgan.
O‘rganishda, tenderda ishtirok etgan korxonalarning rahbari va ta’sischisi har xil shaxslar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, “Farg‘ona kristal qurilish” korxonasi manzili Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasi, 9/1-sonli 5 qavatli turar joy binosining yerto‘lasida joylashgan 6-sonli savdo do‘koni va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi bo‘lsa, “Far jasmin disko servis” korxonasi manzili Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasi, 9/1-sonli uy ekanligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, mazkur tenderda ishtirok etgan korxonalarni o‘zaro aloqadorligini manzilli o‘rganish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.