Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi bilan hamkorlikda joriy yilning 23-24 aprel kunlari xalqaro davra suhbatlari o‘tkazildi.
Xalqaro davra suhbatlarida Bosh prokuratura, adliya va moliya vazirliklari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining boshqa a’zolari, davlat organlari va korxonalarining mas’ul xodimlari, Biznes Ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Dastlabki kunda “Biznesning halolligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro standartlar va choralar: xususiy sektor va davlat boshqaruvi uchun tavsiyalar” mavzusi muhokama markazida bo‘ldi. Tadbir davomida biznesni xalqaro standartlar va normalar, odob-ahloq va mas’uliyat bilan olib borish siyosatini ilgari surish, mamlakatda ijobiy ish tajribasini shakllantirish va xususiy sektor tashkilotlari tomonidan biznesning halolligi bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy qilishni rag‘batlantirish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplayens-dasturlarni joriy etish uchun xavflarni baholashni o‘tkazish yuzasidan taqdimotlar tashkil etildi va muhokamalar olib borildi.
Ikkinchi kuni “Jahon banki davlat boshqaruvi indikatorlaridagi O‘zbekiston Respublikasining ko‘rsatkichlarini yaxshilash” mavzusida muhokamalar tashkil qilindi. Tadbirda korrupsiyani baholash indikatorlari korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar haqida ma’lumot beruvchi muhim manba ekanligi, u korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yordam berishi ta’kidlandi.
Tadbirda xalqaro ekspertlardan A.Timilsin (Singapur), I.Kotetishvili (Turkiya), I.Burdikova, I. Lebedev (Rossiya), A.Sultan va S.Xershman (AQSh), Valid Xayder Malik va Arman Vatyan (Jahon banki)lar ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Davra suhbatlari yakunida biznesni halol olib borish hamda kelgusida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash, bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.