Joriy yilning 21 yanvar kuni Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. ushbu hududdagi oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, mazkur universitet talabasi - tanishi D.Yu. hamda guruhning boshqa 17 nafar talabasiga chet tili fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan davlat imtihonidan qoniqarli baho qo‘yishni talab qiladi.
Fuqaroning ushbu noqonuniy talabi oliy ta’lim muassasasi tomonidan qondirilmagach, fuqaro M.S. takroran qo‘ng‘iroq qilib, ushbu vaziyatni zudlik bilan ijobiy hal qilishni, aks holda mas’ullar Toshkent shahriga chaqirtirilishi bilan tahdid qiladi.
Joriy yilning 29 yanvar kuni mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat kelib tushdi hamda fuqaro M.S.ning noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘raldi.
Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.S.ning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida olingan dastlabki ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.
Holat yuzasidan joriy yilning 3 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonida M.S. va D.Yu. aybiga iqror ekanliklari, mazkur noqonuniy xatti-harakatlarni avvaldan til biriktirgan holda amalga oshirganliklariga iqror bo‘lib, hozirda qilmishidan pushaymonligini bildirib o‘tishdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqarolar M.S. va D.Yu. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, tegishli jazo tayinlandi.
Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha yurtdoshlarimizdan o‘zini Agentlik xodimi sifatida tanishtirib, biror narsa tama qiluvchi, xizmat buyuruvchi yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshiruvchi fuqarolarga duch kelganda Agentlikning 71 202 04 00 (715) telefon raqami orqali holat haqida zudlik bilan xabar berishlarini so‘raydi.