Qonun loyihalari, davlat dasturlari va strategiyalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi 5-aprel kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va xulosa olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuborildi. Tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga 2021-yil 26-apreldagi xat orqali taqdim etildi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi.
3. “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi o‘zbek va rus tillarida Vazirlar Mahkamasiga kiritildi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Oliy Majlis palatalarida muhokama qilish uchun yuborildi.
4. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali kelib tushgan e’tirozlar va takliflar ko‘rib chiqilib, kelishmovchiliklar jadvali tayyorlandi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralarning bildirgan taklif va e’tirozlari o‘rganilib tegishli tartibda kelishmovchiliklar jadvali tayyorlandi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yi 3-fevraldagi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-6155-son Farmon ilovasining 34-bandi ijrosini (Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish) ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
“Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda boshqa sohalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 8-bandi, “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati, xususan, tizimda budjet mablag‘laridan foydalanish va qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda.
O‘rganishlar Agentlik mas’ul xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasidan malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda tuzilgan ishchi guruh tomonidan amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, «Korrupsiyasiz soha» loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida amalga oshirilgan davlat xaridlari jarayoni o‘rganildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar va 3-sonli klinik shifoxonalari xarid komissiyasi tomonidan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunlarning talablari buzilganligi aniqlangan. Yuqoridagi muassasalardagi har ikkala tanlov qonun talablari buzilgan holda o‘tkazilganligi sababli, Agentlik taqdimnomasi asosida bekor qilingan.
Bundan tashqari, shifoxona bosh shifokorlari (xarid komissiyasi raisi) kelgusida shu kabi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1758-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Jomboy tumani tibbiyot birlashmasida amalga oshirilgan davlat xaridlari jarayonini o‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ogohlantirish kiritildi.
Davlat xaridlarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun Moliya vazirligi mutaxassislari ishtirokida “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Davlat xaridlari sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasida o‘rganish o‘tkazish bo‘yicha Agentlik direktorining tegishli Farmoyishi qabul qilindi. Farmoyish ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish o‘tkazishga kirishildi.
Shuningdek, tijorat banklarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning chora-tadbirlar rejasi va takliflari ishlab chiqildi.
Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, budjet daromadlarini oshirish, energiya resurslaridan qonuniy foydalanish masalalari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Hisob palatasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan 2020-yil 30-noyabr kuni tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosining dastlabki sarhisobi o‘tkazildi.
2021-yil 28-30-aprel kunlari Agentlik mas’ul xodimlari va Hisob palatasi mutaxassislari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdilar.
Uning natijalari joriy yilning 30-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari T.Haydarov, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tegishli boshqarma va bo‘lim boshliqlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Sohaviy o‘rganishlar yuzasidan
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning quyi tizimlarida o‘rganishlar yakunlandi. Xususan, vazirlik va uning quyi tizimida 2018-2020-yillarda 5033 ta qonun buzilishi, shuningdek aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalari uchun ajratilgan 154,4 mlrd. so‘m mablag‘lari maqsadsiz va samarasiz sarflanganligi aniqlangan. Vazirlik va uning quyi tizimlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilishga qaratilgan 15 ta taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuborilib, vazirlikka taqdimnoma kiritildi.
Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlarida o‘rganish tamomlanib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilishga qaratilgan 58 ta takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasiga taqdim qilindi. Aholining huquq-tartibot organlariga nisbatan munosabatini ifodalovchi 3 ta umumlashma tayyorlandi.
Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda o‘rganish tamomlandi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha Energetika vazirligiga taqdimnoma kiritildi.
Madaniyat vazirligi va uning hududiy bo‘limlarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishini Agentlik direktorining tegishli Farmoyishi asosida o‘rganishga kirishildi.
Yashirin iqtisodiyot hamda korrupsiyaga qarshi “komplayens- nazorat” tizimini joriy etish borasida
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan Hisob palatasi bilan birgalikda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish yuzasidan 26 ta vazirlik va idoralarda “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan 2020-yil 4-sentabrda tasdiqlangan.
Hozirda “Yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida boshqarma xodimlariga 26 ta vazirlik va idoralar taqsimot asosida biriktirilib, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan har oy yakunida tegishli vazirlik va idoralardan hisobotlar qabul qilinib, tahlil qilib borilmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlari va ustav fondida davlat ulushi
50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishga mas’ul bo‘lgan kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirib borish tizimi joriy etilib, 1-bosqichda (joriy yilning aprel oyi davomida) vazirlik va idoralarning 36 nafar xodimlari Bosh prokuratura Akademiyasining qisqa muddatli onlayn kursida o‘qitildi. Hozirda, 2-bosqichda o‘qitish rejalashtirilgan vazirlik va idoralar xodimlarining ro‘yxati shakllantirilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimi tarkibidagi korxonalarning Korrupsiyaga qarshi kurashish va “komplayens-nazorat” bo‘limiga xodimlarni ishga olish bo‘yicha tashkil etilayotgan tanlov jarayonlarida onlayn ishtirok etilib, jarayon to‘liq nazorat qilib borilmoqda. Xususan, aprel oyi davomida Jamiyatning Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari uchun tanlov jarayonlari yakunlandi.
OAV bilan hamkorlik
Aprel oyi davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyati, aholida korrupsiyaga qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan mavzularda ommaviy axborot vositalarida jami 165 marotaba chiqishlar tashkil etildi. Jumladan, 13 marotaba Agentlik faoliyatiga oid lavhalar davlat va xususiy telekanallarda yoritildi. 36 marotaba chiqishlar tashkil etildi. Agentlik faoliyatiga oid tadbirlar O‘zbekiston 24 radiosida 6 marotaba yoritildi.
Shu bilan birga “Hurriyat”, “O‘zbekiston ovozi”, “Darakchi” gazetalarida agentlik faoliyatiga oid maqolalar chop etildi:
Agentlikning o‘z veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi chiqishlari. Agentlik rasmiy anticorruption.uz veb-saytida o‘tgan vaqt davomida 29 ta xabar va yangiliklar e’lon qilindi.
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 19 ta, feysbukdagi rasmiy sahifasida 17 ta, Twitter 5 ta material joylashtirilgan.
Bundan tashqari agentlik tomonidan hafta davomida amalga oshirilgan foaoliyatni keng aholiga yetkazish maqsadida “Haftalik daydjest” tayyorlanmoqda va e’lon qilib borilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tahlili
Agentlikka 2021-yil aprel oyida jami 479 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 416 tasi ko‘rib chiqilishi ta’minlangan (hozirda 63 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda). Shundan, 17 ta murojaat Agentlik rahbariyati tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullarda kelib tushdi. Kelib tushgan murojaatlarning 59 tasi ijobiy hal etilgan, 73 ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan, 9 ta murojaat anonim deb topilgan.
Murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 10 ta taqdimnoma, 5 ta ogohlantirish, 46 ta so‘rovnomalar kiritilgan.
Natijada 1 ta qaror bekor qilingan, 1 nafar shaxsga ma’muriy ish va 1 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan,
1 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilingan,
2 ta tender natijalari bekor qilingan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlaridan noroziliklar va turli sohalarda korrupsiyaviy holatlarning yuz berayotganligi to‘g‘risida yozilgan murojaatlardan iboratdir. Jumladan, aprel oyida Agentlikka qo‘yidagi soha va yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi:
- sud qarorlaridan noroziliklar 67 ta (14,0%);
- yer maydoni ajratilmayotganligi, yer nizolari va yer maydonlari talon-taroj bo‘layotganligi bo‘yicha 42 ta (8,8%);
- ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 35 ta (7,3%);
- ta’limi sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 34 ta (7,1%). (jumladan: 27 ta Xalq ta’limi sohasi bo‘yicha; 1 ta Oliy ta’lim sohasi bo‘yicha; 6 ta Maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha);
- davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 25 ta (5,2%);
- mehnat qonunchiligining buzilishi holatlari bo‘yicha 25 ta (5,2%);
- mahalliy hokimlik xodimlari va mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 21 ta (4,4%);
- uy-joy va kommunal sohasidagi muammolar yuzasidan 21 ta (4,4%);
- ayrim xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining xatti-harakatlaridan noroziliklar masalasida 17 ta (3,5%);
- sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunbuzilish holatlari va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan 17 ta (3,5%);
- prokuratura organlari qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo‘lmayotganligi bo‘yicha 14 ta (2,3%);
- noqonuniy qurilishlar masalasida 14 ta (2,9%);
- majburiy ijro byurosi xodimlarining xatti-harakatlari va ijro hujjatlarning bajarilmayotganligi bo‘yicha 11 ta (2,3%);
- bank xodimlari xatti-harakatidan noroziliklar 10 ta (2,2%);
Shuningdek, mazmuniga ko‘ra Agentlikka muqaddam kelib tushmagan yangi masalalar bo‘yicha fuqarolar tomonidan murojaatlar qilinmoqda, jumladan, tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganligi bo‘yicha kompensatsiya mablag‘larini undirishga amaliy yordam berishni so‘rab 13 ta (2,8%) murojaat qilingan.
Ular hududlar kesimida tahlil qilinganda Toshkent shahar 116 ta, Qashqadaryo 51 ta, Surxondaryo 42 ta, Toshkent viloyati bo‘yicha 39 ta, Samarqand 37 ta, Namangan 35 ta, Navoiy 27 ta, Xorazm 26 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar asosida o‘tkazilgan tadbir va o‘rganishlarni ayrim misollari:
- Fuqaro murojaati yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan so‘rovnomaga asosan Oltinsoy tumani 4-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, maktab mas’ullari tomonidan 2018-2020-yillar davomida o‘qituvchilar oyligidan jami 10,2 mln. so‘m pul mablag‘lari asossiz ushlab qolinib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganliklari aniqlangan.
Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Oltinsoy tumani 4-son umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi“b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
- Toshkent shahar Chilonzor tumani, “2-Charx Kamolon” MFYda yashovchi fuqarolarning jamoaviy murojaatiga asosan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligiga taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomani ko‘rib chiqish natijasida, Chilonzor tumani, 144- va 148-uylar oralig‘ida “BALIQ SAVDO” MCHJ tomonidan ofis va omborxona binolarini qurish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2020-yil 17-avgustdagi xulosasi bekor qilinib, qurilish ishlari to‘xtatilgan.
- «Zara Sirun» MCHJ tomonidan Agentlikka yo‘llangan murojaatda Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi tomonidan uskunalarni texnik holati haqida xulosa taqdim qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun talablari qo‘pol ravishda buzilib, ishtirokchilarga raqobatlashuvda adolatsiz ustunlik berilganini bayon qilingan. Murojaat asosida Agentlik tomonidan tanlov hujjatlari o‘rganilib, natijasi bo‘yicha shifoxona xarid komissiyasiga tanlovni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma shifoxona xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tanlov natijalarini va avval tuzilgan shartnomani bekor qilish haqida qaror qabul qilingan.
- «JFAR TRADING» MCHJ murojaati asosida Agentlik tomonidan 2021-yil 13-aprel kuni «Qizilqumgeologiya» AJ tomonidan ehtiyot qismlarni sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan auksion o‘rganildi. O‘rganish natijasida, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 9, 40 va 47-moddalari talablari buzilganligi sababli «Qizilqumgeologiya» AJga taqdimnoma kiritilgan.
- «Law Proyect» advokatlik firmasi direktori U.Sharipov Agentlikka yo‘llagan murojaatida Toshkent shahar 3-sonli klinik shifoxonasi buyurtmachiligidagi 92,4 mln. so‘mlik autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun talablari qo‘pol ravishda buzilib, ishtirokchilarga raqobatlashuvda adolatsiz ustunlik berilganini bayon qilgan.
Murojaat asosida Agentlik tomonidan tanlov hujjatlari o‘rganilib, natijasi bo‘yicha shifoxona xarid komissiyasiga tanlovni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma shifoxona xarid komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tanlov natijalarini va avval tuzilgan shartnomani bekor qilish haqida qaror qabul qilingan.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
Agentlik tomonidan 2021-yil aprel oyi davomida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi hamda qator masalalarda kelishuvlarga erishildi.
Xususan, 1 ta xalqaro anjuman o‘tkazildi, 2 ta Agentlik rahbariyati va 9 ta ekspert darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi:
2-aprel kuni BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan Xalqaro maslahatlashuv yig‘ilishi tashkil etildi. Mazkur tadbirda 80 ga yaqin xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etishdi.
13-aprel kuni Agentlik direktori Akmal Burxanovning Ukraina korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi direktori A.Sitnik va Ukraina Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi rahbari A.Novikovlar bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar Ukrainaning korrupsiyaning oldini olishdagi amaliyoti va o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashriflarni amalga oshirish hamda hamkorlik asosida yaratish maqsadida uch tomonlama Memorandum loyihani ishlab chiqishga kelishdilar.
26-aprel kuni Agentlik direktorining donorlikni muvofiqlashtirish maqsadida bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik qilish yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha Donorlikni muvofiqlashtirish guruhini tuzish va bu masalada Agentlik tomonidan Guruh ishi konsepsiyasi tuzilishi hamda barcha tashkilotlar bilan ishlash rejalashtirilgan sohalar bo‘yicha jadval bilan birgalikda hamkor tashkilotlarga taqdim etilishini belgilandi.
Bundan tashqari aprel oyi davomida AQSHning Federal sud markazi xalqaro huquqiy aloqalar boshqarmasi, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari xalqaro assotsiatsiyasi, BMT Giyoxvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.