O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Mintaqaviy muloqot” nodavlat xalqaro tashkiloti hamkorligida joriy yilning 9 iyun kuni korrupsiyaga oid qonun hujjatlari loyihalarini halqaro va milliy ekspertlar o‘rtasida muhokamadan o‘tkazish hamda xalqaro standartlarga mosligini aniqlash maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Unda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OESR) ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi 5 yil davomida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bu borada tashlangan eng muhim qadam – Prezidentimiz tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning imzolagani bo‘ldi. 2017 yilda qabul qilingan ushbu qonun bilan “korrupsiya”, “korrupsiyaviy huquqbuzarliklar”, “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarga ta’rif berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari doirasida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bilan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Anjumanda korrupsiyaga qarshi kurashishni konseptual jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihalari 2020 yil 29 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantiruvchi maxsus vakolatli idoraning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilovchi hujjat bo‘lib, unda:
• Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maqomi hamda faoliyatining huquqiy asoslari va asosiy prinsiplari;
Agentlikning davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat sektor vakillari va fuqarolar bilan hamkorligi;
Shuningdek, Agentlikning davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish va manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini ta’minlash, davlat xaridlari va budjet mablag‘laridan foydalanish, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kreditlari, davlat aktivlarini sotish jarayonida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini joriy etish va uning samaradorligini tahlil qilish bo‘yicha vazifalari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilab berilmoqda.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulkini deklaratsiya qilish va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida quyidagi masalalar tartibga solinishi belgilanmoqda:
• davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish hamda manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning umumiy qoidalari;
• davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiyalarni taqdim etish va ularni e’lon qilish tartibi;
• davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish
va ularni hal qilishning mexanizmlari;
• davlat xizmatchisining vazifalarini bajarish vaqtidagi taqiqlar;
• sovg‘alar olish va berish bilan bog‘liq cheklovlar.
Qonun loyihalari mahalliy ekspertlar bilan bir qatorda, xalqaro tashkilotlar, xususan, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti ekspertlarining fikr-mulohazalari va takliflari asosida ishlab chiqilgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, mazkur qonun loyihalarini ishlab chiqishda Yevropa Ittifoqi, Shimoliy va Janubiy Amerika, Janubiy-sharqiy Osiyo hamda MDH mamlakatlari tajribalari asosida takomillashtirilgani qayd etildi..
Muhokamalar davomida deputatlar, senatordar, ilmiy doira vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilgan fikrlar asosida qonun loyihasini yanada takomillashtirish, jumladan, korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati