Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini to‘liq joriy qilish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan qator choralar amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, Agentlik tomonidan sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi Farmoni bilan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, budjet buyurtmachilari tomonidan maxsus axborot portalida joylashtirilgan davlat xaridlariga oid eʼlonlar muntazam o‘rganib borilmoqda.
Agentlik tomonidan joriy yilning iyun-iyul oylarida o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida Respublika bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 141 mlrd. so‘mlik 458 ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Shundan,
Andijon viloyatida 34,4 mlrd. so‘mlik (104 ta);
Toshkent shahrida 19,5 mlrd. so‘mlik (51 ta);
Toshkent viloyatida 13,9 mlrd. so‘mlik (50 ta);
Surxondaryo viloyatida 13,8 mlrd. so‘mlik (43 ta);
Samarqand viloyatida 12,8 mlrd. So‘mlik (50 ta);
Qashqadaryo viloyatida 12,5 mlrd. so‘mlik (41 ta);
Jizzax viloyatida 8,3 mlrd. so‘mlik (20 ta);
Buxoro viloyatida 7,3 mlrd. so‘mlik (33 ta);
Xorazm viloyatida 5,3 mlrd. so‘mlik (18 ta);
Navoiy viloyatida 5,2 mlrd. so‘mlik (16 ta);
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,4 mlrd. so‘mlik (11 ta);
Namangan viloyatida 2,6 mlrd. so‘mlik (11 ta) hamda
Farg‘ona viloyatida 2,0 mlrd. so‘mlik (10 ta) tanlovlar bo‘yicha davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilganligi maʼlum bo‘ldi.
Xususan, byudjet buyurtmachilari tomonidan obyektlarni joriy taʼmirlash bo‘yicha “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirilgan eʼlonlar joylarga chiqqan holda o‘rganilganda, quyidagilar aniqlandi:
Toshkent shahridagi 4 ta obyektda 3,7 mlrd. so‘mlik, shundan 2,8 mlrd. so‘mlik Obodonlashtirish boshqarmasi, 611 mln. so‘mlik oliy taʼlim, 200 mln. so‘mlik xalq taʼlimi tizimida joriy taʼmirlash va qurilish ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib boshlab yuborilganligi yoki allaqachon tamomlanganligi aniqlandi.
Shuningdek, Jizzax viloyatidagi tanlov eʼloni tamomlanmagan 7 ta obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, xalq taʼlimidagi 4 ta obyektda 2.2 mlrd. so‘mlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib yakunlanganligi, sog‘liqni saqlash sohasidagi 2 ta obyektda 1,1 mlrd so‘mlik, shahar hokimligining 1 ta obyektida 386 mln. so‘mlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Masalan, Jizzax shahar 1-sonli maktab binosining isitish tizimida 2020-yilda bajarib bo‘lingan ish uchun davlat byudjeti hisobidan yangidan 815 mln. so‘mlik lot qo‘yilgani aniqlandi.
Qashqadaryo viloyatida tanlov eʼlon qilingan 3,8 mlrd. so‘mlik 10 ta (3,7 mlrd. so‘mlik obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli 9 ta va 100 mln. so‘mlik xalq taʼlim tizimiga qarashli 1 ta) obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi 6 ta obyektda 3 mlrd. so‘mlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari oldin yakunlanganligi, qolgan 4 ta obyektda qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.
Agentlik xodimlari tomonidan o‘rganishlar doirasida, Buxoro viloyatida taʼlim tizimidagi muassasalarda olib borilayotgan joriy taʼmirlash ishlari o‘rganilganda, xalq taʼlimi tizimidagi 3 ta obyektda 304 mln. so‘mlik, maktabgacha taʼlim tizimidagi 1 ta obyektda 28 mln. so‘mlik jami 4 ta obyektda 332 mln. so‘mlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, yakunlanganligi yoki taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, Buxoro viloyati Oliy taʼlim tizimidagi 5 ta obyektda jami 20,0 mlrd. so‘mlik qurilish taʼmirlash bilan bog‘liq tender savdolarini o‘tkazish jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi maʼlum bo‘ldi.
Masalan: Buxoro davlat universitetiga qarashli talabalar turar joyini kapital taʼmirlash bo‘yicha 5,6 mlrd so‘mlik, universitet o‘quv binosini kapital taʼmirlash bo‘yicha 7, 0 mlrd. so‘mlik, Harbiy taʼlim fakulteti o‘quv binosini mukammal taʼmirlash bo‘yicha 6,4 mlrd. so‘mlik hamda agronomiya va biotexnologiya fakulteti o‘quv binosini joriy taʼmirlash bo‘yicha 1, 3 mlrd. so‘mlik eʼlonlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov-tender jarayonlari bo‘yicha tender hujjatlari Loyihalar va import kontraktlar kompleks ekspertiza qilish markazi orqali ekspertizadan o‘tkazilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida Namangan viloyati xalq taʼlimi tizimidagi 15 ta obyekt ko‘zdan kechirilganida, 3.3 mlrd. so‘mlik, sog‘liqni saqlash tizimidagi 7 ta obyektda 850 mln. so‘mlik taʼmirlash ishlari bo‘yicha tanlov eʼlon qilingan bo‘lsada, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, taʼmirlash ishlari yakunlanganligi yoki davom etayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Andijon viloyatidagi tender tanlovlari tugallanmagan 39 ta obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, Xalq taʼlimi tizimiga qarashli 21 ta obyektda 6 mlrd. so‘mlik, hududiy hokimlikka tegishli 11 ta obyektda 4,5 mlrd. so‘mlik, Maktabgacha taʼlimi tizimidagi 6 ta obyektda 1,8 mlrd. so‘mlik, Sog‘liqni saqlash tizimidagi 4 ta obyektda 1 mlrd. so‘mlik, Oliy taʼlim tizimidagi 3 ta obyektda 700 mln. so‘mlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Masalan, Shahrixon tumanidagi – Obodonlashtirish bo‘limi binosini joriy taʼmirlash yuzasidan qiymati 1,1 mlrd. so‘mlik eʼlon berilgan va hujjatlarni taqdim qilishning oxirgi muddati 2021-yil 16-iyul qilib belgilangan.
Ammo, o‘rganish jarayonida bo‘lim binosini joriy taʼmirlash uchun hech qanday ehtiyoj mavjud emasligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida, Farg‘ona shahridagi O‘rmon xo‘jaligi binosini mukammal taʼmirlash bo‘yicha maxsus axborot portalida joylashtirilgan qiymati 421 mln. so‘mlik tanlov eʼloni tanlov g‘olibi aniqlanmasdan turib, binoda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi 76 ta umumtaʼlim maktablarida jami 47,8 mlrd. so‘mlik, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 14 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd. so‘mlik, Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 16 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd. so‘mlik jami 63,6 mlrd. so‘mlik smeta xarajatlarida mablag‘ rejalashtirilmagan bo‘lsada, amalda bo‘lgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga zid ravishda “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga eʼlonlar joylashtirilganligi aniqlandi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qonunchilikka zid ravishda 141,0 mlrd. so‘mlik 458 ta davlat xaridlarini amalga oshirilishi bo‘yicha eʼlon qilingan tanlovni bekor qilish haqida vazirlik va idoralarga 372 ta taqdimnoma kiritish yo‘li bilan qonunbuzilishlarning oldi olinishi taʼminlandi.
111 ta obyektda esa 29,5 mlrd. so‘mlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari bo‘yicha eʼlon qilingan tanlovlar yuzasidan g‘oliblar aniqlanmasdan turib, qonunchilik talablariga zid ravishda qurilish va joriy taʼmirlash ishlari boshlab yuborilganligi yoki yakunlanganligi maʼlum bo‘ldi.
Xozirda o‘rganishlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan yuqoridagi o‘rganishlar natijalariga oid to‘liq maʼlumotlar bilan Agentlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanishishingiz mumkin bo‘ladi.
Ishchi guruhlar tomonidan Respublikaning boshqa hududlarida ham davlat xaridlarining amalga oshirilishi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.