So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator qonun hujjatlari qabul qilindi, davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator standartlarni o‘z faoliyatiga joriy etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Biroq, ushbu vazifalarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan bajarilish sifatiga baho beruvchi, monitoringini olib boruvchi tizim mavjud emas edi.
Qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqqa barham berish maqsadida 2022 yil 12 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-81-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etilmoqda.
Bunda, reyting baholash beshta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:
- davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
- davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
-xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.
Reyting baholash tizimi, dastlab eksperiment tariqasida o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan boshlab barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
E’tiborlisi, reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi. Bu esa reyting shakllantirishda to‘liq ob’ektivlik va shaffoflikni ta’minlaydi.
Reyting baholash ishlarida fuqarolik jamiyati instituti vakillarining ishtiroki ham nazarda tutilmoqda. Xususan, reyting baholash natijalarining xolisligini tekshirish maqsadida kamida 30 foizi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.
Bunda, faoliyati:
“yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi va amalga oshiriladi;
“qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
“qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitiladi. Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga belgilangan tartibda intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ushbu reyting baholash bo‘yicha milliy tizim davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga yagona yondashuvni shakllantirish, rahbarlarning ushbu yo‘nalishdagi mas’uliyatini oshirish va mamlakatning tegishli xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati