Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʼiga joylashtirish boʼyicha majburiyatlari hisobini yuritish vazifasi yuklatilgan.
Ushbu Farmon bilan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʼlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʼyxati tasdiqlangan boʼlib, unda shu jumladan, mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʼlar yoʼnaltirilgan maqsadlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklari oʼz rasmiy veb-saytida joylashtirib borilishi nazarda tutilgan.
Bugungi kunda Аgentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati doimiy monitoring qilib kelinmoqda.
2021 yil yakunlariga koʼra, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf qilish boʼyicha vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga Аgentlik tomonidan jami 26 ta taqdimnoma hamda 35 ta ogohlantirish xatlari kiritildi.
Shuningdek, ochiqlik sohasidagi qonunchilik talablarini muntazam buzilishiga yoʼl qoʼygan masʼullarga nisbatan tegishli choralarini koʼrish boʼyicha takliflar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Natijada ochiqlik siyosati yuzasidan ishlar yetarli tashkil etilmagani, OАV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yoʼlga qoʼymagani uchun bir qator mutasaddi rahbarlar ogohlantirildi (https://gov.uz/uz/news/view/33931).
Bundan tashqari, Аgentlik tomonidan hozirda ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʼlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʼyxatini yanada kengaytirish boʼyicha takliflar, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, OАV vakillari tomonidan qayd etilgan masala – mahalliy hokimliklar tasarrufidagi turli jamgʼarmalar hisobidan xarid qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʼgʼrisidagi maʼlumotlar majburiy tartibda belgilangan muddatlarda ochiq eʼlon qilib borish tartibi taklif etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Аxborot xizmati