Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash shuningdek, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi shakllantirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida Jamoatchilik kengashiga aʼzolik tanlov asosida amalga oshiriladi.
Tanlovga hujjatlar ikki xil usulda qabul qilinadi:
1. Tanlovda oʻzi faoliyat yuritayotgan tashkilot yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish va uning tarkibini shakllantirish boʻyicha Maxsus komissiya aʼzolari tomonidan tavsiya qilingan fuqarolar;
2. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tavsiya qilingan fuqarolar,
Nomzodlarga talablar qoʻyidagilardan iborat:
- korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida alohida bilim, koʻnikmalarga ega boʻlishi;
- korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida amaliy tajribaga ega boʻlishi;
- oliy maʼlumotga ega boʻlishi;
- sohani rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflarni bera olishi;
- sudlanmagan boʻlishi;
- jamiyatda obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi, jamoaviylik asosida ishlash koʻnikmasining mavjudligi;
- Agentlikda va boshqa davlat tashkilotida namunali xizmat koʻrsatgan mehnat faxriylari;
- nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari;
- 18 yoshdan yuqori Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi.
Nomzodlarni tanlashda ularning korrupsiyaga murosasiz munosabatda ekanligi inobatga olinadi. Jumladan, nomzod avval korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar ishtirokchisi boʻlmaganligiga alohida urgʻu beriladi.
Nomzodlar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar:
1. Maʼlumotnoma (obyektivka) bogʻlanish raqami koʻrsatilgan holda.
2. Tavsiyanoma (NNT yoki oʻzi ishlayotgan muassasa tomonidan taqdim etilgan boʻlishi lozim).
3. Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida qilgan amaliy ishlari toʻgʻrisida maʼlumot.
4. Kengash aʼzosi sifatida amalga oshirmoqchi boʻlgan ishlari toʻgʻrisida maʼlumot.
Jamoatchilik kengashi aʼzoligiga nomzodlarning arizalari yoki nomzodlarga berilgan tavsiyalar 2022-yil 21-mayga qadar, info@anticorruption.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi:
Tanlov yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida Jamoatchilik kengashini tuzish va uning tarkibini shakllantirish boʻyicha Maxsus komissiya tomonidan tanlov shartlari talablariga javob beradigan nomzod Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzoligiga tavsiya etiladi. Bunda aʼzolarning kamida 20% ayollar, 50 % nodavlat notijorat tashkiloti vakillari boʻlishi talabiga ahamiyat qaratilishi bois, kengash aʼzoligiga kiritilmgan fuqarolar, kengash aʼzoligiga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.
Murojaat uchun:
Telefon raqami – 71 202-04-02 (423), elektron pochta – info@anticorruption.uz.