Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “Angor tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi 1,3 mlrd. soʻmlik loyihani korxonaga tendersiz topshirdi” nomi ostida eʼlon qilingan xabarda qayd etilgan davlat xaridi bilan bogʻliq hujjat va maʼlumotlar oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish natijasida mazkur davlat xaridi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunlarining talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasida xoʻjalik shartnomalari ularni imzolashga tayyorlash jarayonida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yuridik xizmati yoki jalb etilgan advokatlar tomonidan qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan tekshirib koʻrilishi kerakligi, shartnomalarni ularning imzolarisiz tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.
Shunga qaramay, Angor tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi bilan 2022-yil 27-yanvarda tuzilgan shartnoma huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmasdan taraflar tomonidan imzolangan va oradan 4 oy oʻtgach, huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan.
Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida davlat xaridlarining asosiy prinsiplari (moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik) belgilangan.
Shu kabi ushbu Qonunning 19-moddasida davlat buyurtmachisi davlat xaridlarini amalga oshirishda oʻz rasmiy veb-saytiga yoki oʻzining yuqori turuvchi organi rasmiy veb-saytiga, ommaviy axborot vositalariga eʼlon joylashtirishi, davlat xaridlarini rejalashtirishi, boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlarni faqat moliyalashtirish manbalari va miqdorlari mavjudligi tasdiqlangan taqdirdagina maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga va ommaviy axborot vositalariga joylashtirishi shart ekanligi qayd etilgan.
Biroq, Angor tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmagan holda davlat xaridi boʻyicha shartnoma imzolangan.
Bundan tashqari, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 71-moddasiga koʻra, davlat buyurtmachilari toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi toʻgʻrisidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.
Angor tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan esa 2022-yil 27-yanvar kuni tuzilgan 7-sonli shartnoma maxsus elektron axborot portaliga 113 kunga kechiktirib joylashtirilgan.
Mazkur holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati