Bugun, 22-iyun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (EXHT) koʻmagida oʻtkazilayotgan “Ochiq maʼlumotlar ekotizimini rivojlantirish, ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik madaniyatini oshirish” mavzusida ikki kunlik trening oʻz ishini boshladi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-154-son Farmoni bilan Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, xususan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlarini muntazam oʻqitish va malakasini oshirishni samarali tashkil etish maqsadida oʻtkazilmoqda.
Unda 20 dan ortiq vazirlik va idoralarning ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan 40 nafardan ziyod davlat xizmatchilari ishtirok etmoqda.
Trening ochilish marosimida Agentlik direktori Akmal Burxanov hamda YEXHTning iqtisodiy va ekologik faoliyat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi idorasi vakili, Iqtisodiy hamkorlik va boshqaruv masalalari boʻyicha maslahatchi Eni Gyerdji ishtirok etdi.
Agentlik direktori taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda ochiq maʼlumotlarga hukumat shaffofligining muhim vositasi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan omil sifatida katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, 2021-yilning 16-iyunida davlatimiz rahbari tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Farmon bilan Agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etildi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalar ish boshladi.
Agentlik tomonidan Farmon bilan tasdiqlangan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni oʻz vaqtida belgilangan axborot resurslarida joylashtirib borilishi ustidan doimiy monitoring oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan yana bir muhim hujjat — Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoni bilan Ochiqlik indeksini shakllantirishga xizmat qiluvchi Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va reyting baholash boʻyicha metodika tasdiqlandi. Ushbu metodikani ishlab chiqishda YEXHTning ekspertlari ham jalb etildi.
Tadbir davomida mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, Ochiqlik indeksini shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va reyting baholash tartibi, bu jarayonlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vazifa va vakolatlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.
Tadbir dasturidan davlat idoralari vakillarining ochiq maʼlumotlar siyosati va uni amalga oshirish mexanizmlari sohasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa muhim mavzular ham oʻrin olgan.
Jumladan, tadbirning dastlabki kunida ishtirokchilarga ommaviy maʼlumotlar va ochiq maʼlumotlar oʻrtasidagi farq, davlat muassasalarida ochiq maʼlumotlarni joriy etishning asosiy bosqichlari, ochiq maʼlumotlar formatlari xususida batafsil maʼlumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati