Oʻzbekiston Karate milliy federatsiyasi prezidenti N.N.ning federatsiyaning sobiq rahbarlari xatti-harakatlaridan norozi boʻlib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoʻllagan murojaati hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan federatsiya faoliyati bilan bogʻliq korrupsion holatlar Agentlik tomonidan oʻrganib chiqilib, uning yakunlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilgan edi.
Ushbu hujjatlar asosida Bosh prokuraturaning boshqa mutasaddi idoralar bilan oʻtkazgan tekshiruvlari natijasida Oʻzbekiston Karate milliy federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar rasmiy hujjatlarga soxta yozuv kiritib, juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganligi maʼlum boʻldi.
Xususan, 2020-2021-yillarda oʻtkazilgan 10 ta oʻquv yigʻinlarida 49 nafar sportchi amalda qatnashmagan hamda mehmonxona xizmatidan foydalanmagan boʻlsa-da, ishtirok etganligi haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 403 mln. soʻmlik byudjet mablagʻlari oʻzlashtirib yuborilgan.
Sportchilar tomonidan ishlatilmagan 64 turdagi 78,5 mln. soʻmlik dori vositalari ham talon-toroj qilingan.
Shuningdek, sport zal ijaraga olinganligi toʻgʻrisida hujjatlar rasmiylashtirilib, 128 mln. soʻm mablagʻlar amalda sport zaliga ega boʻlmagan mehmonxonaga oʻtkazilib, oʻzlashtirilgan.
Shu kabi 2021-yilda oʻtkazilgan 3 ta sport musobaqalari qatnashuvchilari tomonidan toʻlangan 150 mln. soʻm badal pullari kirim qilinmagan.
Bundan tashqari, me’yoriy hujjatlar talabalariga zid ravishda karate boʻyicha jahon chempioni D.O.ga trenerlik qilmagan U.B.ga davlat byudjetidan asossiz ravishda 6 ming AQSH dollari toʻlanishiga erishilib, byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Karate milliy federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati