Maʼlumki, amaldagi qonunchilikda Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishi koʻrsatilgan boʻlsada, mazkur javobgarlik aynan qaysi huquqiy norma asosida tartibga solinishi belgilanmagan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni ijrosini taʼminlash va qonunchilikdagi mazkur boʻshliqni bartaraf etish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu qonun joriy yilning 3-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 215-7-moddasi bilan toʻldirilib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, Kodeks 245-10-moddasi bilan toʻldirilib, unga koʻra, mazkur toifadagi ishlar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilib, koʻrib chiqish uchun sudga yuborish tartibi joriy etilmoqda.
Endilikda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, jumladan, Ochiq maʼlumot sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarni eʼlon qilmaslik yoki toʻliq eʼlon qilmaslik, eʼlon qilish muddati va tartibini buzish yoki maʼlumotlarni notoʻgʻri koʻrsatish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida: Ochiq maʼlumot sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son Farmoni (1-ilovasi) bilan tasdiqlangan boʻlib, unda davlat organlari va tashkilotlariga 35 ta toifadagi axborotlarni joylashtirib borish vazifasi yuklatilgan.
Axborotlarning 14 tasi respublikadagi barcha davlat organlari va tashkilotlari, 1 tasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda 20 tasi respublika darajasidagi aniq belgilangan 12 ta vazirlik yoki idoralar tomonidan kiritib boriladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning toʻldirilayotgan yangi moddasiga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni belgilangan axborot resurslarida joylashtirib borish majburiyatiga rioya etilmaganlik uchun quyidagi jazo choralari koʻriladi:
– mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha (900 ming soʻmdan 1,5 mln soʻmgacha) miqdorda jarima;
– xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,5 mln soʻmdan 3 mln soʻmgacha) miqdorda jarima qoʻllaniladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati