Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlarning maqsadsiz ishlatilayotganligi, taʼminotchi korxonalar tomonidan fuqarolarga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan tovarlarni xarid qilmaganligi holatlari aniqlandi.
Xususan, Boyovut tumani hokimi yordamchisi T.Jning taʼsischiligida 3 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan bo‘lib, shundan “B.L.B.” MCHJga 12 holatda fuqarolarning 371,5 mln.so‘m kredit mablag‘lari o‘tkazib berilgan va ushbu mablag‘lar maqsadsiz yo‘naltirilgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi va prokuratura tomonidan mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, Boyovut tumani hokim yordamchisi T.J.ga va boshqalarga nisbatan 03.11.2022-yilda JKning 167-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati