O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Milliy Kengash) korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshiruvchi va ishtirok etadigan organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ.
Milliy kengash qabul qilgan qarorlar barcha davlat va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar uchun majburiydir.
Milliy kengashning asosiy vazifalari:
- davlat va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta'minlash;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlash;
- korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;
- korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish.