Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz shahar Bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarining murojaatlari o‘rganildi.
Murojaatlarda Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan shahar Bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasining yuridik maqomi qonunga zid ravishda bekor qilingani, xodimlarning ish stavkalari asossiz qisqartirilib, ish haqi hisobidan obuna uchun majburiy ushlanib qolinganligi hamda davlat mulkini noqonuniy tasarruf etish bilan bog‘liq qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani maʼlum qilingan.
O‘rganishlar davomida, Termiz shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan huquqiy asossiz, o‘zboshimchalik bilan shahar Bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasining mustaqil yuridik shaxs maqomi bekor qilinib, amalda shahar tibbiyot birlashmasining norasmiy bo‘limiga aylantirilgan.
Shifoxona amalda shahar tibbiyot birlashmasining bo‘limiga aylantirilgan bo‘lsada, jihoz va moddiy-texnik vositalari qonunda belgilangan tartibda shahar tibbiyot birlashmasi ixtiyoriga o‘tkazilmay, shifoxona bosh vrachi lavozimi qisqartirilmagan holda ortiqcha ish haqi to‘lab kelingan.
Shifoxonada amalga oshirilgan qurilish-taʼmirlash ishlarida amalda bajarilmagan ishlar hisobot hujjatlariga qo‘shib yozilgan.
Bunda pudrat shartnomasi tuzilmagan holda 2019-yilda “Amu Surxondaryo Agroservis” MCHJ tomonidan taʼmirlanib, aslida bajarilmagan qurilish ishlari uchun katta miqdordagi to‘lov so‘mmalari qo‘shib yozilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2004-yil 16-avgustdagi 101-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi to‘g‘risida”gi (Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 29-avgustda 1401-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) Nizom talablariga rioya etilmagan holda, shifoxona hududini o‘rab turgan beton g‘isht devor belgilangan tartibda nuqson dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan buzilib, undan chiqqan 19,6 mln. so‘mlik qurilish materiallari o‘zga shaxslarga noqonuniy berib yuborilgan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan holatlarga ham yo‘l qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi.
Jumladan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda o‘g‘lini birlashmaning 3-sonli oilaviy poliklinikasiga 1.0 stavka umumiy amaliyot shifokori lavozimiga qabul qilib, qo‘shimcha 0.75 ish stavkasini amaliy zaruriyatsiz qo‘shib bergan.
2020-yil 22-avgustdan 2020-yil 20-oktyabrgacha bo‘lgan davrda o‘g‘lini koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan homilador va ginekologik xastaligi mavjud ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatish, davolash hamda muloqotda bo‘lganlarni yakkalash uchun birlashmaning tug‘ruq bo‘limi negizida tashkil etilgan 90 o‘rinli gospitalda (kovid markazi) statist vrach etib tayinlab, uzluksiz ishlashiga sharoit yaratgan.
Buning natijasida, o‘g‘li koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan xodimlar uchun to‘lanadigan qo‘shimcha moddiy to‘lovlarni asossiz olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Birlashma balansidagi avtotransport vositasini o‘g‘liga buyruqsiz, boshqarish va moddiy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi shartnomani rasmiylashtirmasdan norasmiy tarzda biriktirib bergan. Natijada, o‘g‘li birlashma hisobidagi avtotransportlar uchun ajratilgan yoqilg‘ilardan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida maqsadsiz foydalangan.
Shifoxona xodimlarini faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan matbuot nashrlariga majburiy obuna qildirgan. Buning uchun xodimlarning oylik maoshidan pul mablag‘lari ushlab qolingan.
2019-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida Oliy hamshiralik ishi, o‘rta tibbiy va dorishunos xodimlarni ishga qabul qilish tartibi” talablariga zid ravishda tibbiyot birlashmasiga o‘rta tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilgan.
Dastlabki o‘rganishlar davomida fuqaro o‘z faoliyatida tanish-bilishlik, o‘zboshimchalik, vakolat doirasidan chetga chiqish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzganligi maʼlum bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda dastlabki o‘rganishlarda aniqlangan holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.