Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi budjet muassasalarida budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganildi.
O‘tkazilgan o‘rganish davomida hududdagi budjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etildi.
Agentlik tashabbusi asosida tanlov yo‘li bilan viloyatdagi 8 ta davlat moliyaviy nazorati obyektida o‘tkazilgan kameral nazoratda jami 498 mln so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2020-yil davomida xodimlarga 60 ta holatda 94,4 mln.so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar asossiz hisoblab, to‘langan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tomonidan 2021-yilda xodimlarga 29.5 mln. so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar asossiz to‘langan.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.