Joriy yilning 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etishdi. Tantanali tadbir yurt madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Yig‘ilishni Agentlik direktori A.Burxanov ochib berib, Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – istiqlolning o‘ttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan kutib olayotganini taʼkidladi. Zero, mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.
Shu qatorda Agentlik xodimlari ham o‘tgan qisqa davrda joylarda qaror va qonunlar ijrosining taʼminlanishini o‘rganishga kirishishdi. Xususan, Agentlik tashkil etilganidan buyon 4 mingdan ziyod yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarni ijobiy hal etilishiga ko‘maklashishdi. Korrupsiya xavfi yuqori deb topilgan davlat tashkilotlari hamda idoralarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilib, o‘z natijalarini bermoqda.
Tadbir davomida Agentlik xodimlari so‘zga chiqib, barchani ayyom bilan qutladilar. Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston o‘tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda. Ayniqsa, oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilib, sohani tartibga solish, shuningdek, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolar va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishlaridagi turli byurokratik to‘siqlar, korrupsiyaviy omillar bartaraf etib kelinmoqda.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlar xalqaro reyting va indekslarda ham eʼtirof etilayotganligi taʼkidlandi. Xususan, 2020-yilning dekabr oyida “Open Data Watch” xalqaro notijorat tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan ochiq maʼlumotlar reytingida O‘zbekiston 63 ball bilan jahon bo‘yicha 187 mamlakat orasidan 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egallgani, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 2018-yilga nisbatan 125 o‘ringa yuqorilagan dunyodagi ikki mamlakatdan biri sifatida eʼtirof etilgani, Transparency International xalqaro tashkiloti Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020-yil reytingida O‘zbekiston o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilab, 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egallagani (2019-yilda 153 o‘rin) shular jumlasidandir.
Darhaqiqat, shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab barcha go‘shalarda eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz – mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida keng nishonlanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari ham el–yurt farovonligi yo‘lida o‘z fidoyiligini namoyon etmoqdalar. Ular mehnati davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilayotgani esa natijalar samaradorligini shubhasiz yana-da yaxshilaydi.
Tadbir so‘nggida Agentlikning 16 nafar xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, shuningdek, faxriy yorliq va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.