Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Sloveniya savdo-sanoat palatasida mazkur mamlakat tadbirkorlari uchun O‘zbekistonda biznes va investitsiya muhiti, iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Sloveniyaning farmatsevtika, og‘ir sanoat, axborot texnologiyalari, servis va logistika sohasidagi yirik kompaniyalari ishtirok etgan taqdimot davomida O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni jadallashib borayotgani alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda investitsiya siyosatiga oid qonunchilik takomillashtirilib, chet ellik investorlar uchun yangi imkoniyatlar — jozibador erkin iqtisodiy va sanoat zonalari tashkil etilganligi, investitsiya vizalari joriy qilinganligi, soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar taqdim etilganligi haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, sloveniyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda davlat mulkini ochiq va shaffof xususiylashtirish, chet ellik investorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, korporativ boshqaruvning ilg‘ori tajribalarini joriy qilish, iqtisodiyot tarmoqlarida komplayens nazoratni bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga katta qiziqish bildirishdi.
Sloveniyalik tadbirkorlar O‘zbekistondagi iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklari, xususan, koronavirus cheklovlari sababli susayib qolgan o‘zaro muloqotlarni yana faollashtirish, ikki mamlakat tadbirkorlari, savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etishdi. E’tirof etildiki, O‘zbekistonda kechayotgan tub o‘zgarishlar investorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Uchrashuvda sloveniyalik tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, ular bilan doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.