Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida hududlarda ichimlik suvi va kanalizasiya tizimini yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda soha rivojiga qaratilgan sa'y-harakatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi holati muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ta'kidlanganidek, so‘nggi ikki yilda bu sohaga byudjetdan 3,7 trillion so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, 48 ta loyihaga 1,9 milliard dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Shuningdek, uch yil ichida 3 million 600 ming aholiga suv yetkazish rejalashtirilib, mablag‘ masalasi hal qilib berilgan bo‘lsa-da, barcha muammolar oxirigacha o‘z yechimini topmagan.
Loyihalarni tanlashda joylardagi holat, aholining talabi va mavjud suv manbalari to‘liq o‘rganilmayapti. Kredit qaytimi byudjet zimmasiga tushayotgani tarmoq va hudud rahbarlarini jiddiy o‘ylantirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish va xorijiy kreditlarni qaytarishdagi muammolarni ko‘rsatib, yangi qurilgan suv tarmoqlaridan to‘liq foydalanish, kelgusi yildan boshlab barcha loyihalarda ichimlik suvini xonadonlargacha ulash zarurligini ta'kidladi.
Shavkat Mirziyoev loyihalarni ishlab chiqishdan tortib, ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonni monitoring va nazorat qiladigan, natijadorlikka soha mutasaddilari bilan birga hokimlar ham javob beradigan tizim yaratish lozimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, sohada investisiyalarni o‘zlashtirishda qoloqlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha xaridlar ochiq o‘tkaziladigan va ularning ijrosi muvofiqlashtirilishi belgilandi.
Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ajratilgan kredit va qarzlar hisobidan moliyalashtiriladigan investision loyihalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy qilish vazifasi yuklandi.